Nodavlat OTMlarda ikki marotaba qabul tartibi joriy etilishi mumkin

Hukumatning “Respublikada nodavlat ta’lim xizmatlarining sifatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Ushbu loyihada nodavlat oliy ta’lim muassasalarida abituriyentlarni yiliga ikki marta – 15-oktyabrgacha va 15-fevralgacha qabul qilish tartibini joriy etish taklif etilgan. Bu orqali abituriyentlarga ta’lim olish imkoniyatlari kengayadi va o‘qishga kirish uchun yanada mos vaqt tanlash huquqi yaratiladi.
Qaror loyihasida nodavlat ta’lim muassasalari qabul parametrlarini Vazirlik bilan kelishilgan holda belgilashi shartligi belgilangan. Bu tartib qabul jarayonida davlat nazoratini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Abituriyentlarni qabul qilish, o‘qishini ko‘chirish va bitiruvchilarni attestatsiyadan o‘tkazish jarayonlari davlat oliy ta’lim muassasalariga belgilangan talablar asosida amalga oshiriladi. Bu esa ta’lim sifatini davlat standartlariga yaqinlashtirish imkonini beradi.
Shuningdek, nodavlat OTMlarda o‘quv, ilmiy va ma’muriy jarayonlarni boshqaruvchi yagona axborot tizimi joriy qilinadi. Ushbu tizim oliy ta’lim jarayonlarini boshqarish axborot tizimi – HEMIS bilan integratsiya qilinishi shart. Agar talabalar ushbu tizimda ro‘yxatdan o‘tmagan bo‘lsa, ularga davlat namunasidagi diplom berilmaydi.
Qarorga muvofiq, faoliyat yuritayotgan nodavlat OTMlar 5 yil ichida mulk huquqida binolar va inshootlarga ega bo‘lishi kerak. Aks holda, ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish uchun yangi litsenziya olish imkoni bo‘lmaydi. Ushbu talab Prezident qarorlari asosida tashkil etilgan OTMlarga nisbatan qo‘llanilmaydi.
Yangi qaror loyihasi qabul qilinsa, nodavlat OTMlarda qabul jarayoni yanada moslashuvchan va tizimli bo‘ladi. Davlat bilan integratsiyalashgan axborot tizimi, infratuzilma talablari va yiliga ikki marotaba qabul tartibi ta’lim sifatini oshirishga va talabalar huquqlarini himoya qilishga xizmat qiladi.