Imtihonlar.uz Onlayn test topshirish

2026–2027 oʻquv yilidan askarlar oliygohlarda masofaviy ta’lim olishi mumkin

Bugun, 11:41
2026–2027 oʻquv yilidan askarlar oliygohlarda masofaviy ta’lim olishi mumkin

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev 6-aprel kuni mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini mustahkamlash va harbiy xizmatchilarni qo‘llab-quvvatlash masalalari yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi.

Unda muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan yoshlarni kasbga oʻrgatish va sifatli taʼlim olishlari uchun sharoit yaratish hamda armiyada kitobxonlikni ommalashtirish yuzasidan ishlab chiqilgan takliflar koʻrib chiqildi.

2026–2027 oʻquv yilidan boshlab muddatli harbiy xizmatni oʻtayotgan yoshlarga oliy ta’lim muassasalariga kirib, masofaviy ta’lim olish imkoniyati yaratiladi. Shu maqsadda harbiy qismlarda abituriyentlarni tayyorlash kurslari yo‘lga qo‘yilib, ularni oliygohlarning kirish imtihonlariga tizimli tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.

Shartnoma asosida oʻqishga qabul qilingan harbiy xizmatchilarga foizsiz imtiyozli kreditlar ajratiladi. Oliy ta’limga qabul qilinganlar harbiy fakultet talabalariga tenglashtirilib, oʻqishni tamomlagach ularga zaxiradagi leytenant harbiy unvoni beriladi.

Shuningdek, namunali xizmat oʻtagan, respublika va xalqaro sport musobaqalari hamda fan olimpiadalarida birinchi oʻrinni egallagan askarlarni test sinovlarisiz oʻqishga qabul qilish tartibi belgilanmoqda.

Harbiy xizmat davomida “Bitta askar — bitta kasb” tamoyili asosida 3–6 oylik oʻquv kurslari tashkil etilib, bitiruvchilarga davlat namunasidagi maxsus sertifikat beriladi.

Xizmatdan qaytgan yoshlarning kasb-hunarga oʻqish xarajatlari davlat tomonidan vaucher asosida qoplab beriladi. Davlat tashkilotlariga ishga kirishda esa ularga Boshqaruv samaradorligi agentligi tomonidan oʻtkaziladigan test sinovlarida 10 foizlik imtiyoz ballari qoʻshib beriladi.

Yigʻilishda harbiy xizmatchilar oʻrtasida kitobxonlikni rivojlantirish masalasi ham koʻrib chiqildi. Shu doirada joriy yildan boshlab, har yili Qurolli Kuchlarning barcha toifadagi harbiy xizmatchilari oʻrtasida toʻrt bosqichli “Maʼnaviyat qalqoni” respublika kitobxonlik tanlovi oʻtkaziladi.

Tanlovning yakuniy bosqichning 4 nafar gʻolibi Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondonining bosh sovrini – zamonaviy elektromobil hamda diplom bilan taqdirlanadi. Sovrinli oʻrinlarni egallagan harbiy xizmatchilar pul mukofotlari va diplomlar bilan ragʻbatlantiriladi.