56,7 dan past ball to‘plagan 321 ming abituriyent tanlovdan chetlatildi
321 ming nafardan ortiq abituriyent 56,7 dan past ball to‘plagani uchun tanlovda ishtirok etmaydi
Joriy yilgi test sinovlarida 321 ming nafardan ortiq abituriyent 56,7 dan past ball to‘plagani sababli tanlovda ishtirok etish imkoniyatidan mahrum bo‘ldi.
Bilim va malakalarni baholash agentligining matbuot anjumanida ma’lum qilinganidek, joriy yilda jami 159 nafar abituriyent tartib-qoidalarni buzganligi sababli test sinovlaridan chetlashtirilgan. Shundan 62 nafar abituriyent hududga kirish joyida va 97 nafar abituriyent imtihon jarayonida test sinovlari tartib-qoidalarini buzganligi aniqlangan.
2024/2025 o‘quv yili uchun kirish test sinovlarining dastlabki yakunlariga ko‘ra, 805 688 nafar abituriyentning 740 352 nafari (91,9%) test sinovlarida ishtirok etgan bo‘lsa, 65 336 nafar (8,1%) abituriyent turli sabablarga ko‘ra imtihonlarda qatnashmagan.
Abituriyentlarning 418 ming nafardan ortig‘i (56,5%) 56,7 dan yuqori ball to‘plagan holda tanlovda ishtirok etishi mumkin bo‘lgan bo‘lsa, 321 ming nafardan ortig‘i (43,5%) esa 56,7 dan past ball to‘plagani uchun tanlovdan chetlatilgan.
Shuningdek, 210 nafar abituriyent maksimal 189 ball to‘plagan, shundan 91 nafari 189 dan yuqori ball to‘plagan “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyi bitiruvchilari hisoblanadi.
189 va undan yuqori ball to‘plagan 210 nafar abituriyentning fanlar majmuasi bo‘yicha asosiy fanlari quyidagicha:
- 77 nafari tarix va chet tili fanlaridan;
- 43 nafari biologiya va kimyo fanlaridan;
- 40 nafari ona tili va adabiyot hamda ingliz tili fanlaridan;
- 21 nafari davlat huquq asoslari va chet tili fanlaridan.