Imtihonlar.uz Onlayn test topshirish

Biologiya, tarix va fizika fanlaridan o‘tkaziladigan navbatdagi milliy sertifikat imtihonlari uchun ruxsatnomalar e’lon qilindi

Bugun, 14:36
Biologiya, tarix va fizika fanlaridan o‘tkaziladigan navbatdagi milliy sertifikat imtihonlari uchun ruxsatnomalar e’lon qilindi

Biologiya, tarix va fizika fanlaridan milliy sertifikat imtihonlari 2026-yil 28-, 29-, 30-mart (shanba, yakshanba, dushanba) hamda 4-, 5-, 6-, 7-aprel (shanba, yakshanba, dushanba, seshanba) kunlari bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Bilimni baholash agentligi ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, imtihonlar quyidagi sanalarda o‘tkaziladi:

— 28-, 29-, 30-mart kunlari biologiya fanidan;

— 4-, 5-, 7-aprel kunlari tarix fanidan;

— 6-aprel kuni fizika fanidan.

28-, 29-, 30-mart kunlari biologiya fanidan test sinovi o‘tkaziladigan binolarga kirish vaqtlari:

  • 1-smena uchun: 07:00 dan 08:30 ga qadar;
  • 2-smena uchun: 13:00 dan 14:30 ga qadar.

Izoh: Fizika va tarix fanlari bo‘yicha imtihonlarning smenalari hamda binolarga kirish vaqtlari imtihon sanasiga yaqin muddatda qo‘shimcha ravishda e’lon qilinishi ma’lum qilindi. Bundan tashqari, har bir talabgor ushbu ma’lumotlarni o‘z ruxsatnomasidan ham ko‘rishi mumkin.

Test sinovlarida ishtirok etuvchi talabgorlar ruxsatnomani my.gov.uz veb-saytidagi “Mening arizalarim” bo‘limi orqali yuklab olishlari mumkin. Ruxsatnomada test sinovi o‘tkaziladigan sana, vaqt va manzil ko‘rsatilgan bo‘lib, talabgorlardan belgilangan vaqtda ruxsatnomada koʻrsatilgan manzilga yetib kelishlari so‘raladi.

Talabgorlar test sinovi o‘tkaziladigan binolarga faqat shaxsini tasdiqlovchi hujjat (pasport yoki ID-karta) bilan kiritiladi.

Muhim: Ruxsatnomada belgilangan vaqtdan kechikkan talabgorlar test sinoviga kiritilmaydi va ular uchun qo‘shimcha imtihon o‘tkazilmaydi. Test topshiruvchilardan imtihon o‘tkaziladigan binolarga ortiqcha narsalarni (elektron qurilmalar, sumka, kitob, daftar, yozuv materiallari, ichimlik, ovqat, shaxsiy buyumlar va shunga o‘xshash) olib kelmaslik so‘raladi.