Imtihonlar.uz Yuksak marralar sari

Davlat grantlari yangi tizimda: ayrim oliygohlarga grant berilmasligi mumkin

30-iyul 17:51
Davlat grantlari yangi tizimda: ayrim oliygohlarga grant berilmasligi mumkin

Joriy yildan boshlab davlat grantlari oliygohlarga emas, balki yo‘nalishlarga ajratiladi. Bu yangi tizimning mohiyati shundan iboratki, har bir yo‘nalish uchun umumiy grant kvotalari belgilanadi va bu kvotalar eng yuqori ball to‘plagan abituriyentlarga taqsimlanadi.

Tizim qanday ishlaydi?

Masalan, yurisprudensiya yo‘nalishi uchun umumiy grant kvotasi ajratiladi. Toshkent davlat yuridik universiteti (TDYU), O‘zbekiston Milliy universiteti (O‘zMU), Qarshi davlat universiteti (QDU), Samarqand davlat universiteti (SamDU) va Namangan davlat universiteti (NamDU) kabi oliygohlarda yurisprudensiya yo‘nalishiga topshirgan abituriyentlar orasida eng yuqori ball to‘plaganlari grantga kiradi.

Misol:

Joriy yilda yurisprudensiya yo‘nalishi uchun 115 ta grant kvotasi ajratildi. Barcha yurisprudensiya yo‘nalishiga topshirgan abituriyentlar ballar ketma-ketligida tahlil qilinadi va eng yuqori ball to‘plagan 115 nafar abituriyentga grant beriladi. Bu shuni anglatadiki:

  • TDYUda 50 ta grant,
  • O‘zMUda 25 ta grant,
  • QDUda 20 ta grant

belgilanishi mumkin. Bu yangi tizim bo‘yicha davlat falon universitetga grant berishdan ko‘ra, ma’lum bir yo‘nalishga topshirgan va yuqori ball olgan abituriyentlarga grant berishni maqsad qilmoqda. Bu shuni anglatadiki, endi qaysidir oliygohda yuqori ball bilan kontraktga kirgan abituriyent boshqa bir oliygohda past ball bilan grantga kirishi imkoniyati yo‘qoladi.

Cheklovlar:

Davlat grantining barcha kvotasini bitta oliygoh olib qo‘ymasligi uchun cheklovlar qo‘yiladi. Masalan, agar 115 ta kvotaning hammasi TDYUga to‘g‘ri kelib qolsa, cheklov qo‘yiladi. Bunda 50%lik cheklov qo‘yilishi mumkin, ya’ni TDYU faqat 115 ta kvotaning yarmini, ya’ni 57 ta grant kvotasini olishi mumkin.