Imtihonlar.uz Yuksak marralar sari

Fan olimpiadalarining tuman va hududiy bosqichlari uchun o‘tkazish tartibi tasdiqlandi

16-oktabr 14:28
Fan olimpiadalarining tuman va hududiy bosqichlari uchun o‘tkazish tartibi tasdiqlandi

Asosiy fan olimpiadalarining ikkinchi (tuman) va uchinchi (hududiy) bosqichlarini oʻtkazish tartiblari boʻyicha Maktabgacha va maktab taʼlim vazirligining 2024-yil 11-oktyabrdagi 331-sonli buyrugʻi imzolandi.

Unga koʻra, 2024-2025-oʻquv yilida umumtaʼlim fanlari boʻyicha asosiy olimpiadaning ikkinchi tuman (shahar) va uchinchi – hududiy bosqichlari hamda xalqaro olimpiadalarda ishtirok etadigan Oʻzbekiston terma jamoasiga nomzodlarni saralashning birinchi bosqichi oʻtkaziladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’lim vazirligi, Toshkent shahar va viloyatlar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalari boshliqlariga:

  • asosiy olimpiadaning ikkinchi – tuman (shahar) va uchinchi – hududiy bosqichlarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha hududiy tashkiliy qo‘mitani tasdiqlash;
  • uch kun muddatda olimpiadani tashkil etishga oid chora-tadbirlar dasturi va xarajatlar smetasini ishlab chiqish;
  • tashkiliy qo‘mita yig‘ilishida asosiy olimpiadaning birinchi – maktab bosqichi natijalarini tahlil qilish, asosiy olimpiadaning ikkinchi – tuman (shahar) va uchinchi – hududiy bosqichlari ishtirokchilari ro‘yxatini tasdiqlash;
  • hakamlar hay’ati va apellyatsiya komissiyasi, auditoriya rahbarlari, nazoratchilar tarkibini shakllantirish;
  • hakamlar hay’ati tarkibiga hududdagi oliy ta’lim muassasalari, Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tasarrufidagi ta’lim muassasalari, akademik litseylar, davlat va nodavlat (xususiy) umumta’lim maktablaridan tajribali o‘qituvchilarni jalb etish;
  • joriy yilning 20-oktyabriga qadar olimpiadalarni o‘tkazish uchun yetarli moddiy-texnik bazaga ega, barcha tuman (shahar)lardan kelib-ketish uchun qulay bo‘lgan joyni belgilash;
  • olimpiadani ochiq, adolatli va shaffof o‘tkazilishini ta’minlash maqsadida, auditoriyalarda va olimpiada o‘tkaziladigan joylarga kuzatuv kameralarini o‘rnatish, har bir auditoriyaga xolis nazoratchi va kuzatuvchilarni jalb etish;
  • asosiy olimpiadaning uchinchi – hududiy bosqichga olis hududlardan keladigan o‘quvchilar va o‘qituvchilarni hududiy pedagogik mahorat markazlarining yotoqxonasiga joylashtirishni tashkil etish;
  • olimpiada yakunlagandan so‘ng, uch kun muddatda olimpiada g‘oliblarini tantanali taqdirlash marosimini tashkil etish;
  • olimpiadani tashkil etish va o‘tkazishga oid tegishli hujjatlar (qaydnoma, qaror, hisobotlar)ning hakamlar hay’ati a’zolari tomonidan to‘g‘ri, sifatli rasmiylashtirilishini ta’minlash va natijalari bo‘yicha tahliliy ma’lumotnomani Respublika tashkiliy qo‘mitasiga taqdim etish vazifalari yuklatilgan