Kollej, texnikumlarni tugatganlar OTMda 2 -3-kurslarda o‘qishlari mumkin
Bu haqida prezident boshchiligidagi yig‘ilishda aytib o‘tilgandi. Unga ko‘ra, yangi o‘quv yilidan boshlab texnikumlarda o‘qitish “Akademik” va “Ishchi kasb” ta’lim komponentlarining uzviyligini ta’minlaydigan yangi tizim asosida yo‘lga qo‘yiladi.
Bunda:
kollej-texnikumning 1-2-kursidagi ta’lim dasturlari, darsliklari, bilimni baholash mezonlari va muallimlarga talablar oliygohlar bilan bir xil bo‘ladi;
texnikumlarda ham “kredit tizimi” joriy qilinib, fanni o‘zlashtirish bo‘yicha to‘plangan “kreditlar” oliygohlarda tan olinadigan tizim bo‘ladi.
Ya’ni, kollej-texnikumda ikki yil davomida yetarli “kredit” to‘plagan o‘quvchilar “2+2” yoki “2+3” dasturlari asosida oliygohlarning ikkinchi yoki uchinchi kurslarida ta’limni davom ettirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Kollej va texnikumda o‘qib, faoliyatini ishlab chiqarishda davom ettirmoqchi bo‘lganlarni sohadagi mavqeyini oshirish bo‘yicha ham yangi tizim yo‘lga qo‘yiladi. Endi, kollej-texnikumda “ishchi kasb” yo‘nalishida o‘qiganlar ikki yoki uch yil ishlab, tajriba orttirganidan keyin, imtihon topshirib, “bakalavr”ga teng malaka darajasini olishi mumkin.