Imtihonlar.uz Onlayn test topshirish

Maktab rahbar xodimlarining maoshi oshiriladi

19-mart 10:47
Maktab rahbar xodimlarining maoshi oshiriladi

Maktab Rahbar Xodimlarining Maoshi Oshiriladi

Pedagoglar uchun muhim yangilik

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maktabgacha va maktab taʼlimi sohasida boshqaruv tizimi samaradorligini oshirish boʻyicha yangi Farmoni imzolandi. Bu pedagog xodimlar, ayniqsa, rahbarlik lavozimidagi shaxslar uchun katta yangilik hisoblanadi. Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Hilola Umarova ushbu qaror asosida rahbar xodimlarining maoshi oshirilishi haqida maʼlum qildi (manba).

Maktab direktor va o‘rinbosarlari maoshi oshadi

Yangi qarorga muvofiq:

  • 2025-yil 1-sentyabrdan boshlab umumiy o‘rta taʼlim tashkilotlari direktorlarining bazaviy tarif stavkasi 20 foizga, o‘rinbosarlarining bazaviy tarif stavkasi esa 15 foizga oshiriladi.

  • Bog‘cha direktorlari lavozimlarining bazaviy tarif stavkalari III va IV guruhdagi maktab direktor o‘rinbosarlari lavozimining bazaviy tarif stavkalariga tenglashtiriladi.

  • Natijada, 10 mingdan ortiq maktab direktori, 7 mingga yaqin bog‘cha direktori, 35 mingga yaqin maktab direktor o‘rinbosarlari ish haqi oshirilishidan manfaat ko‘radi.

Direktor va o‘rinbosarlarga KPI asosida qo‘shimcha ustamalar

  • 2026-yil 1-yanvardan boshlab umumiy o‘rta taʼlim tashkilotlarining direktor jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan direktor va uning o‘rinbosarlariga KPI natijasiga ko‘ra qo‘shimcha ustamalar belgilanadi.

  • KPI asosida har oylik ustamalar direktorlar uchun 20 foiz, o‘rinbosarlar uchun esa 10 foiz miqdorida belgilanadi.

Taʼlim tizimida qo‘shimcha islohotlar

Bundan tashqari, taʼlim tizimini yanada yaxshilash maqsadida quyidagi o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda:

  • Tuman boʻlimlarida qoʻshimcha shtatlar ajratiladi. Bu esa o‘quvchilar bilimini baholash monitoringini olib borish va xorijiy tillar hamda kasbga o‘rgatish jarayonlarini rivojlantirishga xizmat qiladi.

  • Hududiy bo‘linmalar xodimlari uchun ko‘p yillik xizmat mukofoti joriy etiladi. Bu tizim 15 ming nafar boshqaruv xodimini qamrab oladi.

  • Maktab xodimlari mukofot puli oshiriladi. Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 75 foizigacha (hozirda 50 foiz) etib belgilanadi.

  • Maktablarga tushgan ijaradan tushum ulushi oshiriladi. Bungacha bu mablag‘ning 40 foizi maktab rivojlanishiga yo‘naltirilgan bo‘lsa, endilikda 75 foizi maktab ehtiyojlariga yo‘naltiriladi.

Xulosa

Bu o‘zgarishlar taʼlim sohasida sifatni oshirishga xizmat qiladi. Maktab va bog‘cha rahbarlari uchun ish haqi oshishi, mukofot pullari va qo‘shimcha ustamalar taʼlim jarayonining samaradorligini yanada oshirishga yordam beradi. Taʼlim sohasidagi bu yangiliklar O‘zbekiston taʼlim tizimini rivojlantirishga katta hissa qo‘shishi kutilmoqda.