O‘qituvchi va murabbiylar uchun qonunchilikda qanday imtiyozlar mavjud?
Qonunchilikda o‘qituvchi va murabbiylar uchun qanday imtiyozlar belgilangan?
1-oktyabr “Ustoz va murabbiylar kuni” munosabati bilan bu kun o‘zgacha ahamiyatga ega. Qonunchilikda o‘qituvchi va murabbiylar uchun qanday imtiyozlar belgilangan?
Ushbu maqolada bu haqda bilib olishingiz mumkin.
1. O‘zbekiston Respublikasining 01.02.2024-yildagi O‘RQ-901-son Qonuniga asosan, bolalarga ta’lim-tarbiya beradigan barcha pedagog xodimlar doimiy ravishda bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi.
2. O‘zbekiston Respublikasining 01.02.2024-yildagi O‘RQ-901-son Qonuniga asosan, davlat ta’lim tashkilotlarining pedagoglar uchun 56 kunlik yillik haq to‘lanadigan uzaytirilgan ta’tillar beriladi.
3. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodekisiga muvofiq, pedagoglar uchun ish vaqtining davomiyligi haftasiga ko‘pi bilan 36 soat qilib belgilangan.
4. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 30.09.2019-yildagi 823-son Qaroriga asosan, maktab o‘qituvchilariga faoliyatni baholash mezonlari asosida 10 foizdan 40 foizgacha, kutubxonachi va psixologlarga 10 foizdan 20 foizgacha ustama belgilangan.
5. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 09.09.2021-yildagi 562-son Qaroriga binoan, ta’lim muassasalarida o‘qituvchi bo‘lib faoliyat yuritayotgan nufuzli xalqaro olimpiadalar g‘oliblari lavozim maoshiga har oy 150 foiz, asosiy olimpiadalar respublika bosqichi g‘oliblari lavozim maoshiga har oy 100 foiz miqdorida ustama haqi to‘lanadi.
6. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining , 30.09.2019-yildagi 823-son Qaroriga muvofiq, umumta’lim muassasalari xodimlariga moddiy yordam kalendar yil davomida ikki lavozim maoshi (o‘qituvchining tarif stavkasi) miqdorigacha xodimning o‘zi va yaqin qarindoshi (otasi, onasi, turmush o‘rtog‘i, farzandi) vafot etganda, og‘ir kasallikka chalinganda, xodim tabiiy ofatdan zarar ko‘rganda ko‘rsatiladi.
7. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 11.05.2022-yildagi PF-134-son Farmoniga asosan, o‘zi dars beradigan fani bo‘yicha xalqaro tan olingan va milliy sertifikatga ega bo‘lgan o‘qituvchilarga ularning tarif stavkasiga nisbatan 50 foiz miqdorida har oylik qo‘shimcha ustama to‘lanadi.
8. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 09.09.2021-yildagi 562-son Qaroriga binoan, “Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab” tanlovi g‘olibi bo‘lgan maktabga yarim milliard so‘m beriladi.
9. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 12.10.2021-yildagi 638-son Qaroriga muvofiq, inklyuziv sinf o‘qituvchilariga 40 foizgacha ustama beriladi.
10. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 11.01.2021-yildagi PQ-4940-sonli Qaroriga binoan, olis hududlarda dars berayotgan o‘qituvchilarga 50 foizgacha ustama beriladi.
11. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 23.03.2023 yildagi 120-son Qaroriga asosan, pedagogik faoliyat bo‘yicha 25 yil va undan ko‘p ish stajiga ega bo‘lgan hamda yoshga doir pensiyaga chiqishi uchun 5 yildan ko‘p bo‘lmagan muddat qolgan pedagog xodimlar majburiy attestatsiyaga jalb etilmaydi.
12. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 29.09.1994-yildagi 490-son Qaroriga asosan, tibbiyot sohasi professor-o‘qituvchilariga davolash-tashxis ishlarini bajarganliklari uchun qo‘shimcha haq to‘lanadi.