Ona tili va adabiyot bo‘yicha 2026-yil 1-yarmida o‘tkazilgan milliy sertifikat imtihoni natijalari e’lon qilindi
2026-yil 31-yanvar, 1-2- va 7-8-fevral kunlari ona (o‘zbek, qoraqalpoq, rus) tili va adabiyot fanlaridan o‘tkazilgan milliy sertifikat imtihoni natijalari e’lon qilindi. Bu haqda Bilim va malakalarni baholash agentligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, mazkur imtihonda jami 102 ming nafardan ziyod talabgor ishtirok etgan va 98 nafar talabgor tartib-qoidani buzgani uchun test sinovidan chetlatilgan.
Imtihonda qatnashgan talabgorlar o‘z natijalarini my.gov.uz saytining “Mening arizalarim” bo‘limi orqali bilishlari va sertifikatni elektron tarzda yuklab olishlari mumkin.
O‘z natijasidan norozi bo‘lgan talabgorlar 3 kun ichida my.gov.uz sayti orqali apellyatsiya shikoyati berishlari mumkin. Apellyatsiya shikoyati ikki hafta ichida ko‘rib chiqiladi.
Test natijalari xalqaro metodika – Rash modeli asosida hisoblangan bo‘lib, talabgorlarga to‘plagan bali asosida quyidagicha sertifikat taqdim etiladi:
- 70 balldan yuqori ball — A+ daraja;
- 65 – 69,9 ball — A daraja;
- 60 – 64,9 ball — B+ daraja;
- 55 – 59,9 ball — B daraja;
- 50 – 54,9 ball — C+ daraja;
- 46 – 49,9 ball — C daraja.
Sertifikatga ega abituriyentlarga OTMlarning bakalavriatiga kirish test sinovlarida quyidagi tartibda ball beriladi:
— A+, A darajali sertifikat uchun — tegishli mutaxassislik fanidan maksimal ball;
— B+, B, C+, C darajali sertifikat uchun — tegishli mutaxassislik fanidan proporsional ball;
— A+, A, B+, B, C+, C darajali sertifikat uchun — tegishli majburiy fandan maksimal ball.
Shuningdek, akademik litseylarga kirish test sinovlarida sertifikati mavjud o‘quvchilarga tegishli fandan maksimal ball beriladi.