14-fevraldan 6-martgacha bo‘lib o‘tgan chet tili imtihoni natijalari e’lon qilindi
2026-yil 14-fevraldan 6-martgacha bo‘lib o‘tgan chet tilini bilish darajasini aniqlash test sinovi natijalari e’lon qilindi. Bu haqda Bilim va malakalarni baholash agentligi ma’lum qildi.
Test natijalari my.gov.uz saytida e’lon qilingan bo‘lib, talabgorlar "Mening arizalarim" bo‘limidan o‘z natijalari bilan tanishishlari mumkin.
Test sinovidan muvaffaqiyatli o‘tgan talabgorlar o‘z sertifikatlarini my.gov.uz sayti orqali elektron tarzda yuklab olishi mumkin.
O‘z natijasidan norozi bo‘lgan talabgorlar 3 kun mobaynida my.gov.uz sayti orqali apellatsiya shikoyati berishlari mumkin. Apellatsiya shikoyati ikki hafta ichida ko‘rib chiqiladi.
Qayd etilishicha, mazkur imtihonda jami 38 ming nafardan ziyod talabgor ishtirok etgan va 56 nafar talabgor tartib-qoidani buzgani uchun jarayondan chetlatilgan.