Imtihonlar.uz Yuksak marralar sari

Pedagoglar oylik maoshi hali ham pastligicha qolmoqda

30-oktabr 02:13
Pedagoglar oylik maoshi hali ham pastligicha qolmoqda

Statistika agentligi 2024-yil yanvar-sentyabr holatiga ko‘ra, eng ko‘p va eng kam oylik olayotgan sohalar bo‘yicha statistik ma’lumotlarni e’lon qildi. 2024-yilning III choragida o‘zbekistonliklarning o‘rtacha oylik maoshi 5,1 million so‘mga teng bo‘lib, bu ko‘rsatkich ko‘plab sohalarda ijobiy o‘sishni aks ettiradi. Biroq, ta’lim sohasidagi ko‘plab vakillar uchun bu o‘sish ancha past darajada qolmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ta’lim sohasi xodimlarining o‘rtacha maoshi 3 million 484,7 ming so‘mni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha ta’lim sohasi so‘nggi yillarda quyi pog‘onadan ko‘tarilmagan. Pedagoglarning 2020-yildan 2024-yilgacha bo‘lgan davrdagi o‘rtacha ish haqi oshishi esa atigi 1 million 545 ming so‘mni tashkil etgan. Bu vaqt ichida boshqa sohalar, xususan bank, sug‘urta, va lizing kabi tarmoqlardagi ish haqlari 8 million 674 ming so‘mga oshgan.

Ayni paytda, eng yuqori oylik ko‘rsatkichlari bank, sug‘urta, lizing va vositachilik faoliyati xodimlariga tegishli bo‘lib, ushbu sohalarda o‘rtacha oylik ish haqi 14 million 488,8 ming so‘mni tashkil qilmoqda. Shuningdek, ta’lim sohasidagi asosiy tarmoqlarda oyliklar o‘rtasida ham tafovut mavjud. Eng yuqori ko‘rsatkich oliy ta’lim sohasida (8 million 115,6 ming so‘m) bo‘lsa, maktabgacha ta’lim tizimidagi xodimlarning maoshi sezilarli darajada past bo‘lib, ularning oyligi o‘rtacha 1 million 874,5 ming so‘mni tashkil etadi.

Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, ta’lim sohasida ish haqlarining oshishi ta’lim sifati va pedagoglarning motivatsiyasini oshirishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.