Prezident qarori bilan fan olimpiadalari g‘oliblari uchun mukofotlar solig‘idan ozod qilinadi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qaroriga ko‘ra, 2025-yil 1-yanvardan boshlab xalqaro olimpiadalarda ishtirok etuvchi terma jamoalar rahbarlari jamoaning natijalariga ko‘ra rag‘batlantiriladi. Shuningdek, fan olimpiadalarining hududiy va respublika bosqichlarida, xalqaro olimpiadalarda g‘olib bo‘lgan o‘quvchilar, ularning o‘qituvchilari va terma jamoa rahbarlariga beriladigan pul mukofotlari va sovg‘alar daromad solig‘idan ozod qilinadi.
Shu bilan birga, 2025-yil 1-dekabrgacha quyidagi chora-tadbirlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan:
- Fan olimpiadalarining doimiy statistikasini yuritish va olimpiadalar ishtirokchilarining ma’lumotlar bazasini shakllantirish imkonini beruvchi elektron platforma yaratiladi.
- Buyuk allomalar nomi bilan ataladigan xalqaro fan olimpiadalari haqida ma’lumot joylashtiriladigan maxsus sayt ishga tushiriladi. Bu sayt orqali mahalliy va xorijiy o‘quvchilar olimpiadalarda ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin bo‘ladi.