O‘qishni ko‘chirishda IELTS, CEFR yoki boshqa sertifikatlar qandaydir imtiyoz beradimi

O‘qishni ko‘chirishda imtiyozlar bormi? Haqiqat va tushunmovchiliklar
O‘qishni ko‘chirish ko‘plab talabalar uchun dolzarb masala. Ko‘pchilik xorijdan yoki O‘zbekistonning turli oliy ta’lim muassasalaridan o‘qishini ko‘chirishda imtiyozlar mavjud deb o‘ylaydi. Ammo haqiqat shuki, o‘qishni ko‘chirish jarayonida hech qanday imtiyozlar mavjud emas.
Xorijdan yoki O‘zbekiston ichidagi oliygohlardan o‘qishni ko‘chirishda imtiyoz yo‘q
Agar siz xorijdan yoki O‘zbekiston hududidagi davlat yoki nodavlat oliygohlaridan o‘qishni ko‘chirmoqchi bo‘lsangiz, quyidagilarni bilishingiz kerak:
❌ IELTS, CEFR yoki boshqa xalqaro til sertifikatlari o‘qishni ko‘chirishda imtiyoz bermaydi.
❌ Nogironligi bor shaxslar, boquvchisini yo‘qotgan talabalar, temir daftar yoki ayollar daftarida ro‘yxatda turganlar, oilada yolg‘iz boquvchi yoki kasal parvarishlayotgan shaxslar ham imtiyozga ega emas.
❌ Xalqaro fan yoki sport olimpiadalari g‘oliblari, "Mard o‘g‘lon", "Zulfiyachi", turli davlat mukofotlari sohiblari yoki stipendiya oluvchilar uchun ham o‘qishni ko‘chirishda alohida imtiyoz yo‘q. ❌ Harbiy xizmatni o‘tagan va imtiyoz olgan talabalar uchun ham o‘qishni ko‘chirishda hech qanday yengillik berilmaydi.
❌ Maxsus oliygohlar (IIV, DXX, Mudofaa vazirligi tasarrufidagi OTMlar) talabalari ham o‘qishini oddiy OTMlarga imtiyoz bilan ko‘chirib bo‘lmaydi.
Qanday hollarda o‘qishni budjet asosida davom ettirish mumkin?
O‘qishini ko‘chirgan talaba faqat bitta holatda budjetda qolishi mumkin – agar u oldingi OTMda ham budjet asosida tahsil olgan bo‘lsa. Ya’ni, kontrakt asosida o‘qigan talaba o‘qishini ko‘chirsa, u faqat kontrakt shaklida o‘qishini davom ettiradi.
Qishki perevod va uzrli sabablar
Odatda, o‘qishni ko‘chirish jarayoni faqat yozgi davrda amalga oshiriladi. Biroq, sog‘lig‘i bilan bog‘liq uzrli sabablarga ega talabalar qishki perevodda ham hujjat topshirishi mumkin. Bu holat maxsus tibbiy hujjatlar bilan tasdiqlanishi kerak.
Xulosa
O‘qishni ko‘chirish jarayoni qat’iy qoidalarga asoslangan bo‘lib, ko‘plab talabalar o‘ylaganidek imtiyozlar mavjud emas. Faqat budjetdan budjetga o‘tish va sog‘liq bilan bog‘liq holatlar qishki perevodda imkoniyat beradi. Shunday ekan, o‘qishini ko‘chirmoqchi bo‘lgan talabalar oldindan barcha talab va shartlarni diqqat bilan o‘rganishlari muhim.