Ixtisoslashtirilgan maktablarda hududlararo o‘qishni ko‘chirish arizalari bugundan qabul qilinadi
Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi maktablarda tahsil olayotgan o‘quvchilarning o‘qishini boshqa hududga ko‘chirish bo‘yicha arizalar 24–27 mart kunlari onlayn qabul qilinadi. Bu haqda Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, arizalar tansfer.piima.uz platformasi orqali yuboriladi.
Ariza topshirish jarayonlari quyidagicha:
— O‘quvchining ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi qonuniy vakilining familiyasi, ismi va otasining ismi, telefon raqami to‘liq kiritilishi;
— arizaning qisqacha mazmuni (o‘qishini ko‘chirish sababi);
— o‘quvchining familiyasi, ismi va otasining ismi, tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasining seriya va raqami, o‘qiyotgan maktabi, sinfi, yo‘nalishi, o‘qishini ko‘chirmoqchi bo‘lgan maktabi;
— ko‘chirishga asos bo‘luvchi hujjat (PDF formatda) nusxasi.
Arizalar https://transfer.piima.uz/application manzili orqali qabul qilinadi va 10 ish kuni ichida platforma orqali javob yuboriladi. Ariza topshirilgandan so‘ng beriladigan maxsus kalit so‘z orqali murojaat holatini kuzatish mumkin.
Qayd etilishicha, o‘quvchini boshqa hududdagi ixtisoslashtirilgan maktabga ko‘chirish faqat ota-onaning ish joyi o‘zgargan va tanlangan maktabda bo‘sh o‘rin mavjud bo‘lgan taqdirda amalga oshiriladi.