“Ustozlar milliy forumi”da ta’lim sohasidagi yangiliklar muhokama qilinmoqda
Ayni damda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan tashkil etilgan an’anaviy III “Ustozlar Milliy forumi” bo‘lib o‘tmoqda. Har yili yangi o‘quv yili oldidan ilg‘or metodikalar va sohadagi yangiliklarni o‘qituvchilarga yetkazish maqsadida o‘tkaziladigan ushbu tadbirda umumta’lim fanlari, maktabgacha ta’lim, ma’naviyat kabi yo‘nalishlarda mahorat darslari o‘tkazilmoqda.
Forumda trener sifatida ishtirok etayotgan Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi bo‘lim boshlig‘i Sevara Xasanova joriy yilgi forum yuqori saviyada tashkil etilganini ta’kidlab, sohadagi yangiliklarni ustozlarga yetkazishda uning muhim ahamiyat kasb etayotganini qayd etdi.
“Forum doirasida “7-sinf kimyo fanidan yangi o‘quv majmua va uni amaliyotga samarali tatbiq etish” mavzusida seminar-trening o‘tkazildi. Dars davomida hududlardan tashrif buyurgan pedagoglarga yangi darslik mazmuni, undagi yangiliklar, darslarni tashkil etishda o‘quvchilarga tadqiqotchilik ko‘nikmalarini rivojlantirish, tadqiqot rejalarini tuzish, darslikda berilgan ruknlar 5E bilan qanday bog‘langanligi, mashq daftaridan foydalanish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Shuningdek, o‘qituvchilar kitobida nimalarga ahamiyat berilganligi, yashil kimyo, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, mavjud muammolarga yechimlar taklif etish orqali o‘quvchilarda ekologik savodxonlikni rivojlantirish bo‘yicha ma’lumotlar berildi,” — dedi markaz bo‘lim boshlig‘i.