Imtihonlar.uz Yuksak marralar sari

Vazirlik: O‘qituvchilarni sertifikatlash bo‘yicha noto‘g‘ri talqinlar bor

16-avgust 15:43
Vazirlik: O‘qituvchilarni sertifikatlash bo‘yicha noto‘g‘ri talqinlar bor

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi o‘qituvchilarni kasbiy sertifikatlash jarayoniga jalb qilish bo‘yicha noto‘g‘ri talqinlar haqida ma’lum qildi. Vazirlik tomonidan Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi hamda hududiy maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalariga yuborilgan ko‘rsatma xatida, qaysi toifadagi o‘qituvchilar kasbiy sertifikatlash jarayoniga jalb qilinishi kerakligi aniq belgilangan.

Ushbu ko‘rsatma xatida pedagogik ish stajiga ega bo‘lgan va turli sabablarga ko‘ra ish joyini o‘zgartirayotgan nomzodlarni stajor-o‘qituvchi lavozimiga ishga qabul qilish, shuningdek, oliy, birinchi va ikkinchi malaka toifalariga ega bo‘lgan pedagoglarni kasbiy sertifikat sinovlariga jalb qilish holatlariga yo‘l qo‘yilayotganligi qayd etilgan.

Vazirlikning 2023-yil 9-avgustdagi xatida 2023/2024-o‘quv yilidan boshlab pedagogik kasblarga birinchi marta ishga qabul qilinadigan oliy ma’lumotli talabgorlar stajor-o‘qituvchi sifatida faoliyat boshlashi va ular bir yil ichida kasbiy sertifikatga ega bo‘lishi kerakligi belgilangan.

Bundan tashqari, 2024/2025-o‘quv yilidan boshlab umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida tegishli toifaga ega bo‘lmagan pedagog kadrlari kasbiy sertifikatlash sinovlariga bosqichma-bosqich jalb qilinishi ham nazarda tutilgan.

Vazirlik, shuningdek, o‘qituvchilarni kasbiy sertifikatlash bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentida bu jarayonni tartibga solish qoidalari aniq belgilanganligini ta’kidlab o‘tgan.