Imtihonlar.uz Onlayn test topshirish

HEMIS yana yangilandi: tizimga yangi funksiyalar qo‘shildi

Bugun, 11:52
HEMIS yana yangilandi: tizimga yangi funksiyalar qo‘shildi

HEMIS tizimning 1.9.2 versiyasida ijtimoiy faollik reytingini ko‘rish, stipendiya to‘lovlarini kuzatish hamda bitiruv jarayonlarini boshqarish imkoniyatlari kengaytirildi. Shuningdek, diplom rasmiylashtirish talablari yangilanib, yangi modullar joriy etildi.

Tizimda ijtimoiy faollik, bitiruv jarayonlari va stipendiyalar bo‘yicha bir qator muhim yangilanishlar amalga oshirildi.

Bular:

— “Ijtimoiy faollik” sahifasida talabalarning mezonlar bo‘yicha to‘plagan yakuniy reytingini ko‘rish imkoniyati qo‘shildi;

— talabalar va mas’ullar endi tayinlangan hamda haqiqatda to‘langan stipendiyalar haqidagi ma’lumotlarni tizim orqali kuzatishi mumkin;

— tizimda “Imtiyozli davlat granti” berilgan talabalar ro‘yxatini yuritish uchun alohida funksiya va klassifikatorlar ishga tushdi;

— bitiruv ishlarini yakuniy davlat attestatsiyasi (DAK) himoyasiga ruxsat berish farmoyishi moduli ishlab chiqildi.

Diplom rasmiylashtirishdagi qat’iy talablar:

  • Faqat barcha fanlardan baholari to‘liq shakllangan talabalargagina akkreditatsiya tasdiqlanadi;
  • Diplom yaratish uchun talaba albatta “Bitiruvchi” statusida bo‘lishi shart;
  • Diplomni tasdiqlash uchun talaba “O‘qishni bitirgan” statusiga o‘tkazilgan bo‘lishi kerak.

Talabalar o‘z kabinetlarida endi faqat tasdiqlangan diplom fayllarini ko‘ra oladilar.

HEMIS va Kadrlar malakasini oshirish instituti tizimi o‘zaro bog‘landi, fanlar bo‘yicha ma’lumot almashinuvi yo‘lga qo‘yildi.

Avvalroq, yangilangan HEMIS tizimida bitiruvchi talabalar diplomlarini rasmiylashtirish tartibi haqida xabar bergan edik.