Imtihonlar.uz Onlayn test topshirish

O‘zbekistonda talabalar eng ko‘p qaysi hududda tahsil oladi?

24-aprel 13:48
O‘zbekistonda talabalar eng ko‘p qaysi hududda tahsil oladi?

O‘zbekistonda eng ko‘p talabalar Toshkent shahrida tahsil oladi, bu yerda 579 mingdan ortiq talaba yoki umumiy talabalarning 33,9 foizi o‘qiydi. Bu haqda Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi statistik ma’lumotlarida qayd etilgan.

Unga ko‘ra, so‘nggi uch yilda oliy ta’lim tizimida tahsil olayotgan talabalar soni 1,33 million nafardan 1,62 million nafargacha oshgan. Bu esa 290 ming nafarlik (+21,8%) o‘sishni ko‘rsatadi.

Tahlillarga ko‘ra, talabalar orasida ijtimoiy-gumanitar fanlar yetakchi yo‘nalish bo‘lib qolmoqda. Ushbu sohaning ulushi 59 foizdan 63 foizgacha oshgan. Talabalar asosiy qismi aynan shu yo‘nalishda jamlangan.

Shu bilan birga, amaliy fanlar ulushi 31 foizdan 25 foizgacha kamaygani kuzatilgan. Bu texnik va muhandislik yo‘nalishlariga qiziqish nisbatan pasayayotganini ko‘rsatadi.

Biroq, tibbiyot yo‘nalishlarida barqaror o‘sish qayd etilib, ulushi 7 foizdan 9 foizgacha oshgan. Ijod va sport yo‘nalishlari esa o‘zgarishsiz qolib, 3 foiz darajasida saqlanmoqda.

Hududlar kesimida esa ta’lim resurslarining katta qismi aynan Toshkent shahrida jamlangan bo‘lib, ayniqsa ijtimoiy-gumanitar va texnik yo‘nalishlar poytaxtda ustunlik qiladi.

Poytaxtda eng ko‘p 579 069 nafar talaba yoki umumiy talabalarning 33,9 foizi tahsil oladi. Keyingi o‘rinlarda Toshkent viloyati (178 957 nafar, 10,4 foiz) va Samarqand viloyati (127 887 nafar, 7,6 foiz) qayd etilgan.

Shuningdek, eng kam talaba soni Sirdaryo viloyatida qayd etilgan bo‘lib, mazkur hududda 23 362 nafar talab ya’ni umumiy ko‘rsatkichning 1,3 foizi tahsil olmoqda.