Imtihonlar.uz Onlayn test topshirish

Kelasi o‘quv yilidan boshlab 14 ta hududda “yashil texnikumlar” ochiladi

Bugun, 11:05
Kelasi o‘quv yilidan boshlab 14 ta hududda “yashil texnikumlar” ochiladi

23-mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida 2026-2030-yillarga moʻljallangan ustuvor umummilliy loyihalar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Unda atmosfera havosining sifatini yaxshilash, shahar va hududlarda yashil maydonlarni kengaytirish, ekologik taʼlim va madaniyatni yuksaltirish, shuningdek, choʻllanishga qarshi kurashishning ilmiy va amaliy asoslarini mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslar koʻrib chiqildi.

Taqdimot doirasida “Ekomadaniyat” loyihasi ta’lim, ilm-fan va targ‘ibotni birlashtirgan yangi tizim sifatida ishlab chiqilganligi ma’lum qilindi. Mazkur sohada xalqaro standartlarga mos mutaxassislar yetishmayotgani, aholi oʻrtasida ekologik ong va barqaror odatlar hali yetarli darajada shakllanmagani, innovatsiya va iqlim texnologiyalarini amaliyotga joriy qila oladigan kadrlar taqchilligi mavjudligi qayd etildi.

Shu munosabat bilan 2026/2027-oʻquv yilidan boshlab 14 ta hududda “yashil texnikumlar” tashkil etilib, ular “Green University” tizimiga akademik hamkorlik asosida biriktiriladi.

Loyihaga koʻra, tayyorlanadigan oʻquvchi va talabalar soni yil sayin oshirilib, 2028-2029-oʻquv yiliga borib, 10 ming nafarga yetkaziladi.

Bakalavriat va magistraturada atrof-muhit va barqaror boshqaruv, yashil iqtisodiyot, atrof-muhit muhandisligi, iqlim oʻzgarishi, choʻllanishga qarshi kurashish, barqaror shaharsozlik, barqaror energiya almashinuvi kabi yangi yoʻnalishlar ochiladi.

Shuningdek, taʼlim jarayonida dual tizim joriy qilinib, nazariy bilim bilan amaliyot uygʻunlashtiriladi. Universitet taʼlim tizimini rivojlantirish, ilmiy-innovatsion loyihalar va targʻibot ishlari uchun katta miqdorda mablagʻ ajratish koʻzda tutilgan.