Huquqshunoslik fanidan test savollariga eʼtirozlar va BMB munosabati
Huquqshunoslik fanidan testlar bo‘yicha eʼtirozlar to‘xtamayapti
Bilimlarni baholash agentligi ikkinchi bor munosabat bildirdi. Avvalroq OTMlarga kirish test sinovlarida huquqshunoslik fanlaridan darslikda yo‘q maʼlumotlardan, xususan, qonun va kodekslardan savollar tuzilgani haqida xabarlar tarqalib, BMB bunga rasmiy munosabat bildirgandi.
Shundan keyin ham ijtimoiy tarmoqda test savollari bo‘yicha eʼtirozlar to‘xtamayapti. Xususan, Rasul Kusherbayev ham bunga munosabat bildirib, agentlikni sudga berish kerakligini yozdi.
Agentlikka ko‘ra, huquqshunoslik fanlari tez o‘zgaruvchi ijtimoiy fan ekanligi, qonun hujjatlari yangilanishi bilan darslikdagi maʼlumotlar eskirishi, amaldagi qonun hujjatlari bilan har bir fuqaro muntazam tanishib borishini inobatga olish lozim.
Qonun hujjatlari yangi tahrirda qabul qilinsada, o‘quv dasturidagi mavzular o‘zgarmay qolaveradi. Yuqoridagilarni inobatga olib, huquqshunoslik fanlari bo‘yicha test sinovi materiallari amaldagi meʼyoriy-huquqiy hujjatlar asosida shakllantirilgan va test topshiriqlarining maʼno-mazmuni huquqshunoslik fanlari o‘quv dasturiga moslashtirilgan.
Abituriyentlar oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat taʼlim yo‘nalishlariga kirish test sinovlariga tayyorgarlik ko‘rishlari uchun o‘qishga tavsiya etilgan darsliklar va o‘quv adabiyotlari ro‘yxati ham agentlik saytida joylashtirilgan bo‘lib, huquqshunoslik fanlari bo‘yicha test topshiriqlari normativ-huquqiy hujjatlarga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarni inobatga olgan holda shakllantirilishi, qonun hujjatlariga belgilangan tartibda o‘zgartirish kiritilganda qonunning asl manbayi (O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi – lex.uz sayti)ga murojaat qilinishi bo‘yicha ham maʼlumotlar eʼlon qilingan.