Homilador talaba-qizlar va 3 yoshgacha farzandi bor talabalar uchun oliy ta’limda “ikkinchi imkoniyat” yaratiladi
2026/2027-o‘quv yilidan boshlab homilador talaba-qizlar va 3 yoshgacha farzandi bor talabalar uchun oliy ta’limda “ikkinchi imkoniyat” tizimi joriy etiladi. Ular kursdan kursga qolgan yoki talabalikdan chetlashtirilgan bo‘lsa ham, fanlar farqini o‘zlashtirish sharti bilan o‘qishni qayta davom ettirishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy-huquqiy choralar to‘g‘risida”gi farmoni (PF–33-son, 03.03.2026-y.) qabul qilindi.
Unga ko‘ra, 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab homilador talaba-qizlar hamda 3 yoshgacha bo‘lgan farzand tarbiyasi bilan shug‘ullanuvchi talabalar uchun oliy ta’lim olishda qo‘shimcha imkoniyatlar yaratiladi.
2026/2027-o‘quv yilidan boshlab:
— kursdan kursga qolgan yoki talabalar safidan chiqarilgan shaxslarga, istisno tariqasida, fanlar farqini qayta o‘zlashtirish sharti bilan o‘qishni davom ettirish imkoniyati yaratiladi;
— fanlar farqini mustaqil o‘zlashtirish uchun qo‘shimcha muddat beriladi hamda zarur tashkiliy va akademik shart-sharoitlar ta’minlanadi.
Shuningdek, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi uch oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga quyidagi takliflarni kiritish belgilandi:
— homilador talaba-qizlar yoki 3 yoshgacha bo‘lgan farzand tarbiyasi bilan shug‘ullanuvchi talabalarga akademik ta’til davrida, ularning xohishiga ko‘ra, masofaviy ta’lim shaklida o‘qishni davom ettirish imkoniyatini yaratish;
— masofaviy ta’lim yo‘nalishlari va qabul ko‘rsatkichlarini kengaytirish orqali mazkur toifadagi talabalar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish;
— akademik ta’tilga chiqqan, kursdan kursga qolgan yoki talabalar safidan chiqarilgan homilador talaba-qizlar hamda yosh onalar bo‘yicha alohida statistik ma’lumotlar yuritish.