Imtihonlar.uz Onlayn test topshirish

Al-Xorazmiy maktabining ikki nafar o‘quvchisi 100 foizlik grant bilan MIT universiteti talabasi bo‘ldi

Bugun, 11:37
Al-Xorazmiy maktabining ikki nafar o‘quvchisi 100 foizlik grant bilan MIT universiteti talabasi bo‘ldi

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabining o‘quvchilari dunyoning eng nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri — Massachusetts Institute of Technology (MIT) universitetiga 100 foizlik grant asosida o‘qishga qabul qilindi. Bu haqda Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi xabar berdi.

Massachusetts Institute of Technology — dunyoning eng nufuzli oliy ta’lim va tadqiqot markazlaridan biri bo‘lib, AQShning Massachusets shtati, Kembrij shahrida joylashgan. Universitet 1861-yilda tashkil etilgan bo‘lib, asosan muhandislik, texnologiya, tabiiy fanlar, informatika va innovatsiyalar sohasidagi kuchli ta’limi bilan mashhur.

MIT ilmiy tadqiqotlar va texnologik ixtirolar bo‘yicha dunyo yetakchilaridan biri hisoblanadi. Universitet bilan bog‘liq olimlar orasida 100 dan ortiq Nobel mukofoti sovrindorlari mavjud.

Ayni vaqtda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchilari Elbek Zohidjonov va Asilbek Sunnatov aynan ana shu universitetga 100% lik grant asosida o‘qishga qabul qilindi.

  • Elbek Zohidjonov — IMO 2025 — Kumush medal sohibi (Toshkent shahar, Al-Xorazmiy ixtisoslashtirilgan maktabi 11-sinf o‘quvchisi);
  • Asilbek Sunnatov — IOI 2025 —Kumush medal sohibi (Toshkent shahar, Al-Xorazmiy ixtisoslashtirilgan maktabi bitiruvchisi) hisoblanadi.

Ma’lumot uchun: Universitet QS jahon reytingida ketma-ket 13 yil davomida 1-o‘rinni o‘zida saqlab kelmoqda (Times Higher Education va US News reytinglarida esa 2-o‘rinda).

Universitetda jami 11,500 atrofida talaba tahsil oladi, qabul ko‘rsatkichi esa bor-yo‘g‘i 4% ni tashkil etadi. Bu shuni anglatadiki, MIT faqatgina dunyoning eng noyob va iqtidorli yoshlarini saralab oladi.