Imtihonlar.uz Onlayn test topshirish

Talabalar o‘qish bilan birga to‘liq stavkada ham ishlashi mumkin

Bugun, 09:51
Talabalar o‘qish bilan birga to‘liq stavkada ham ishlashi mumkin

Talabalarning ishlashiga hech qanday cheklov yo‘q, hatto ular (oʻqishiga xalal bermagan holda) to‘liq 1 stavkada ishlashi mumkin. Bu haqda Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi ma’lum qilgan.

Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 21-dekabrdagi 275-son qarori bilan tasdiqlangan Xalq ta’limi xodimlari mehnatiga haq to‘lash to‘g‘risidagi nizomning 8-bandida Oliy taʼlim muassasasining pedagogika yoʻnalishlarida oʻqiyotgan shaxslar 3-kursdan boshlab oʻqishiga xalaqit bermagan holda pedagoglik ishini amalga oshirish uchun umumtaʼlim muassasalarida asosiy ish joyi sifatida ishga qabul qilinishi mumkin.

Ularga oʻrta maxsus, kasbiy maʼlumotga ega boʻlgan tegishli lavozimdagi xodimning bazaviy tarif stavkasi singari bazaviy tarif stavkasi belgilanadi. Ushbu qoida oliy o‘quv yurtlarining kunduzgi talabalari uchun ham, sirtqi ta’limda tahsil olayotganlar uchun ham birdek amal qiladi.

Boshqa tashkilotlarda esa talabalar o‘z diplomiga mos lavozimlarda yoki maxsus malaka talab qilinmaydigan ishlarda faoliyat yuritishi mumkin.

Shuningdek, Mehnat kodeksining 383-moddasiga koʻra, ish beruvchi mehnat shartnomasi boʻyicha ishdan ajralmagan holda taʼlim tashkilotlarida oʻqitilayotgan, qayta tayyorlashdan yoki malaka oshirishdan oʻtayotgan, shuningdek ishlab chiqarish taʼlimini oʻtayotgan xodimlarga ish va oʻqishni birga olib borish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishi shart.

Qonunchilikka muvofiq, ta’lim olayotgan xodimlarga ish joyidagi o‘rtacha ish haqi saqlangan holda o‘quv ta’tili, qisqartirilgan ish haftasi hamda boshqa kafolatlar beriladi.

Bundan tashqari, yillik mehnat taʼtillarini ish beruvchi, ularning xohishiga koʻra, bakalavriat talabalari uchun davlat attestatsiyasi va bitiruv malaka ishini himoya qilish, magistratura talabalari uchun magistrlik dissertatsiyasini himoya qilish vaqtiga yoxud imtihonlar va laboratoriya-imtihon sessiyalari vaqtiga moslashtirilib berilishi lozim.