Magistratura kvotasining 63 foizi to‘lmagan – qishki qabul bo‘ladimi?
2023/2024 o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim muassasalarida magistratura uchun 17,1 ming kvota ajratilgandi. Kvotaning 37 foizi to‘lgan. Bo‘sh qolgan kvotalar uchun qishki qabul ochilish-ochilmasligi masalasi hamon ochiq turibdi.
Foto: Shutterstock
Bu yil magistratura bosqichi uchun qishki qabul ochilish–ochilmaslik masalasi talabgorlar orasida muhim bo‘lib turibdi. Kun.uz shu savolga aniq javob olish uchun Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan bog‘landi.
Vazirlik bergan ma’lumotga ko‘ra, 2023/2024 o‘quv yili uchun respublika davlat oliygohlari magistraturasiga jami 17 128 ta qabul parametrlari tasdiqlangan. Bu tanlovda ishtirok etish uchun talab darajasidagi sertifikatga ega bo‘lgan 10 977 nafar abituriyentlar onlayn ro‘yxatdan o‘tgan. Shulardan 6 393 nafar abituriyent magistraturaga tavsiya etildi. Shundan 3 238 nafari davlat granti, 3 155 nafari to‘lov-kontraktga to‘g‘ri keladi.
Asosiy kvotadan tashqari, yutuqlarga ko‘ra imtiyozlarga ega va nogironligi bo‘lgan talabgorlardan 839 nafari ham magistraturaga tavsiya etilgan. Bunda – 687 nafari davlat granti, 152 nafari to‘lov-kontraktga to‘g‘ri kelgan.
Umuman olganda belgilangan kvotaning 10 735 ta (62,7 foiz)si vakant qolmoqda. Jumladan, davlat granti asosida 5700 ta, to‘lov-kontrakt asosida – 5035 ta. Demak, yana qabul bo‘ladimi, degan savol ochiq turibdi.
Maxsus komissiya javobiga bog‘liq
Tegishli hujjatgako‘ra, magistraturaga qabul 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab respublikada faoliyat yurituvchi davlat, nodavlat va xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari va ularning filiallari bakalavriati va magistraturasiga qabul bir o‘quv yilida bir marta (iyun — sentabr oylari oralig‘ida) amalga oshiriladi.
Qolaversa, 2023 yilning iyun oyida OTFIV sobiq vaziri Ibrohim Abdurahmonov yangi o‘quv yilida faqat bir marta qabul bo‘lishi rejalashtirilayotganiniaytgandi.
“Biz faqat o‘tgan bir yil uchun 2 marta magistraturaga hujjat topshirishga qabul komissiyasidan ruxsat so‘rab olganmiz. O‘sha yili yangi tizim joriy etilgani va til sertifikatlari talab qilingani hisobiga shunday bo‘lgandi”, – degandi vazir.
Vazirlikning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, magistraturaga 1 yilda 2 marta qabul bo‘lishiga OTFIVning taklifiga asosan ta’lim tashkilotlariga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi tomonidan ruxsat etilganda yo‘l qo‘yiladi.
Vazirlik magistratura qishki qabuli uchun maxsus komissiyaga taklif kiritadimi va agar kvotalar bo‘sh qolsa, keyinchalik kadrlar yetishmovchiligi kuzatilmaydimi, degan savollarga javoblar esa ochiq qolyapti.