Magistraturaga hujjatlar qabuli boshlandi

Talabgorlar 7 iyuldan magistratura bosqichiga qabul uchun ariza topshirishlari mumkin. Hujjatlar qabuli my.edu.uz platformasi orqali 30 iyulgacha davom etadi.
Respublika davlat oliy ta’lim muassasalari magistratura mutaxassisliklariga onlayn ro‘yxatdan o‘tish boshlandi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 2025/2026-o‘quv yili uchun davlat OTMlarining magistratura mutaxassisliklariga o‘qishga kirish uchun hujjatlarni topshirish jarayoni vazirlikning rasmiy my.edu.uz platformasi orqali 30 iyulga qadar (shu kuni ham) davom etadi.
Magistratura mutaxassisliklariga tanlovlarda belgilangan talab darajasidagi milliy yoki xalqaro sertifikatga ega shaxslar ishtirok etishi mumkin.
Oliy ta’lim muassasalarining magistratura mutaxassisliklariga hujjat topshirishda talab etiladigan xorijiy tillarni bilish darajasini baholovchi milliy va xalqaro tan olingan sertifikatlar darajalari ro‘yxati bilan quyidagi havola orqali tanishish mumkin.
Avvalroq bu yilgi oliy va professional ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish test sinovlari 14 iyuldan boshlanib, 23 iyulga qadar 10 kun davom etishi to‘g‘risida xabar berilgandi. Imtihon 2 smenada bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, bugundan abituriyentlarga imtihonda qatnashish uchun ruxsatnomalari berilishi boshlangan.