Amir Temur nomidagi yangi stipendiya taʼsis etiladi
Oliy ta’lim muassasalarida Amir Temur va temuriylar merosini chuqur o‘rganishni rag‘batlantirish maqsadida magistratura bosqichi talabalari uchun maxsus stipendiya ta’sis etilishi rejalashtirilmoqda.
Prezidentning ‘‘Buyuk davlat arbobi va sarkarda, ilm-fan, madaniyat va san’at homiysi Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida’’gi qarori qabul qilindi.
Unga muvofiq, Amir Temur va temuriylar merosi oliy taʼlim tashkilotlari talabalari tomonidan oʻrganilishini ragʻbatlantirish yuzasidan oliy taʼlim tashkilotlari magistratura bosqichi talabalari uchun Amir Temur nomidagi stipendiyani taʼsis etish boʻyicha takliflar ishlab chiqish vazifasi belgilandi.
Ishlab chiqilgan takliflar 2026-yil iyun oyiga qadar Prezident Administratsiyasiga taqdim etiladi.
Shuningdek, qarorga ko‘ra, har yili aprel oyini “Amir Temur oyligi” deb e’lon qilinadi va uning doirasida umumta’lim maktablari, o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalari, harbiy qismlar va harbiy ta’lim muassasalari, korxona va tashkilotlar, mahallalarda temurshunos olimlar, yozuvchilar va san’atkorlar ishtirokida uchrashuvlar, badiiy-ma’rifiy tadbirlar uyushtiriladi.
Joriy yil 9-10-aprel kunlari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida “Amir Temur va temuriylar tamaddunining jahon tarixi va madaniyatidagi o‘rni va ahamiyati” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkaziladi.
Amir Temur va temuriylar davri tarixi bilan bog‘liq turkum kitoblar, ilmiy va ilmiy-ommabop asarlarni tayyorlash va chop etiladi, shu jumladan:
— “Temur tuzuklari” asarining ilmiy izohli matnini fors, arab, xitoy, ingliz, fransuz, ispan va rus tillarida chop etish;
— “Temuriylar davrining 100 nodir qo‘lyozmasi”, “Temuriylar davrining 100 nodir durdonasi” kitob-albomlarini yaratish;
— temuriylar davriga oid, xorijiy davlatlarda saqlanayotgan asl yozma manbalar nusxalarini O‘zbekistonga olib kelish;
— “Tirik tarix” loyihasi asosida suratga olingan, Amir Temur saltanatining Yevropa davlatlari bilan diplomatik va elchilik aloqalari yoritib berilgan tarixiy-badiiy va hujjatli filmlarni Ispaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya kabi xorijiy mamlakatlarda namoyish etish;
— Temuriylar davri manbalari elektron platformasini yaratish vazifasi belgilandi.