Maktab oʻquvchisi qamoqqa olindi
Denovda maktab o‘quvchisi qamoqqa olindi
Denov tumanida voyaga yetmagan o‘smir sud ajrimiga asosan qamoqqa olindi. U tumandagi 75-umumta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi bo‘lgan. Bu haqda Kun.uz nashri xabar qildi.
Xabarda keltirilishicha, 16 yoshli o‘smir bezorilik jinoyatini sodir etganlikda gumonlanmoqda. Prokuror sudda o‘smirning tergov va suddan yashirinishi, ochiqda qolsa boshqa og‘ir yoki o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlarni sodir etishi mumkinligini bildirgan. Sud prokurorning iltimosnomasini qanoatlantirib, o‘smirga nisbatan qamoq ehtiyot chorasini qo‘llagan.
Sud ajrimida 2008-yilda tug‘ilgan E.M. oldin ham bezorilik jinoyatini sodir etganlikda aybli deb topilgan. U takroran jinoiy sheriklari bilan bezorilik jinoyatini sodir qilganlikda gumonlanmoqda.
2024-yil 27-may kuni soat 22:50 da E.M. va uning jinoiy sheriklari Denov shahri, “Nurli-manzil” MFYdagi savdo do‘konlaridan birining oldida fuqaro M.D. va boshqalar bilan janjallashgan. Janjal paytida E.M. va uning sheriklari qo‘llarida bo‘lgan tosh hamda tayoqlar bilan M.D.ni kaltaklab, unga tan jarohati yetkazgan. Shuningdek, ular ushbu bezorilik holatining oldini olmoqchi bo‘lgan fuqarolarga ham qarshilik ko‘rsatgan.
E.M. bu orqali Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi “a, g” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda gumonlanmoqda. Bu moddaga ko‘ra, bezorilik takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan jamoat tartibini saqlash vazifasini bajarib turgan hokimiyat vakili yoki jamoatchilik vakiliga yoxud bezorilik harakatlarining oldini olish chorasini ko‘rgan boshqa fuqarolarga qarshilik ko‘rsatib sodir etilishi qasddan jinoyat hisoblanadi.
Prokuror o‘z iltimosnomasida E.M.ning tergov va suddan yashirinish ehtimoli borligini, ochiqda qolgan taqdirda boshqa og‘ir yoki o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlarni sodir etishi mumkinligini bildirib, unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llashni so‘ragan. Sud iltimosnomani qanoatlantirgan.
O‘smir Denov tuman IIB vaqtinchalik saqlash hibsxonasi orqali etap qilinib, Termiz shahridagi 9-son tergov hibsxonasiga joylashtirilgan.