Imtihonlar.uz Yuksak marralar sari

Maktablar majburiy formani ota-onalar bilan kelishgan holda joriy etishi mumkin – vazir

29-avgust 01:30
Maktablar majburiy formani ota-onalar bilan kelishgan holda joriy etishi mumkin – vazir

Maktab pedagogik kengashi ota-onalar bilan kelishgan holda majburiy forma joriy etishi mumkin – vazir

Hukumat tomonidan yagona maktab formasi joriy etishning aniq muddati belgilanmaganligi sababli, yangi o‘quv yilidan maktab formasi majburiy bo‘lmasligi haqida avval xabar bergan edik. Biroq, Maktabgacha va maktab ta’lim vaziri va vazir o‘rinbosari matbuot anjumanida, har bir maktabning o‘zi majburiy maktab formasini joriy etishi mumkinligini ma’lum qilishdi. Maktab pedagogik kengashi ota-onalar bilan kelishgan holda majburiy forma joriy etishi mumkin.

Shuningdek, vazirlik matbuot kotibi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlangan **“Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining takomillashtirilgan namunaviy odob-axloq qoidalari”**ga muvofiq, har bir umumta’lim maktabi bu boradagi o‘z ichki Nizomlarini qabul qilganligini bildirdi. Ushbu Nizomlarga ko‘ra, maktab o‘quvchilarining maktab formasida kelish tartibi belgilangan. Bu esa maktab formalarining majburiy joriy etilmasligini anglatmaydi.

Eslatib o‘tamiz, 2022-yil 19-may kuni hukumatning 271-sonli qarori bilan maktab formasi 2024-2025 o‘quv yilidan emas, balki 2022-2023 o‘quv yilidan boshlab majburiy bo‘lishi haqida qaror qabul qilingan edi. Biroq, ota-onalar va keng jamoatchilik tomonidan maktab formasining joriy qilinishi turli e’tirozlarga sabab bo‘lganligi uchun, Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 3-oktyabrdagi 558-sonli qarori bilan 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida o‘quvchilar uchun tasdiqlangan shakldagi yagona maktab formasini joriy etish talabi rasman bekor qilingan edi.

Ammo bu yagona maktab formasi butunlay bekor qilingan degani emas. Endilikda yagona maktab formasi bosqichma-bosqich joriy etib boriladi.