Imtihonlar.uz Yuksak marralar sari

Maktablardagi kuzgi ta’til davrida o‘qituvchilar ishga kelmasa bo‘ladimi?

29-oktabr 15:22
Maktablardagi kuzgi ta’til davrida o‘qituvchilar ishga kelmasa bo‘ladimi?

Savol: Kuzgi ta’til vaqtida maktab o‘qituvchilari ishga kelishi shartmi yoki ular ta’tilga chiqishi mumkinmi?

Javob: Amaldagi Mehnat kodeksining 114-moddasiga ko‘ra, xodimlar o‘z ish jadvali yoki mehnat shartnomasiga muvofiq belgilangan vaqtda o‘z mehnat vazifalarini bajarishlari shart.

MKning 125-moddasiga binoan ish beruvchi har bir xodimning ishlagan vaqtini to‘liq va aniq hisobga olishga majbur. Pedagog xodimlarning ish vaqti ular bajarishi kerak bo‘lgan pedagogik yuklamaga muvofiq belgilanadi. O‘qituvchilar pedagogik yuklamasini bajarishi har kunlik ishga kelish-ketish jurnalida qayd etilib, oylik ish vaqti hisobga olish tabelida aks ettiriladi.

Darslar mavjud bo‘lmagan davrlarda o‘qituvchilar boshqa pedagogik yuklamaga kiruvchi ishlarda qatnashishlari yoki maktab ma’muriyati tomonidan belgilangan topshiriqlarni bajarishlari lozim. Mehnat kodeksining 154-moddasiga muvofiq, xodim faqat haqiqatda bajargan ishi uchun maosh oladi; bajarmagan ishi uchun esa haq to‘lanmaydi.

Bunday holatlar qonunchilikka muvofiq, ta’lim muassasasi kasaba uyushmasi bilan kelishgan holda rasmiylashtiriladi. Agar o‘qituvchi ishga kelmasa, tabelga kiritilmaydi va unga maosh to‘lanmaydi. Agar maktab ichki qoidalarida kechikish yoki ishga kelmaslik mehnat vazifalarini buzish sifatida ko‘rsatilgan bo‘lsa, bu holat o‘qituvchi bilan mehnat shartnomasini bekor qilish uchun asos bo‘lishi mumkin.

Xulosa: Kuzgi ta’til davrida darslar yo‘qligi o‘qituvchilarning ishga kelmaslik huquqini bermaydi.