Imtihonlar.uz Yuksak marralar sari

Moliyaviy piramidani targʻib qilgan maktab xodimlari jazoga tortildi

28-sentabr 15:49
Moliyaviy piramidani targʻib qilgan maktab xodimlari jazoga tortildi

Maktabda moliyaviy piramidani targʻib qilganlar jazoga tortildi

Kun.uz internet nashrining xabar qilishicha, HNK mediakompaniyasining taʼlim maskanlaridagi targʻiboti yuzasidan surishtiruvidagi holatlar Bolalar ombudsmani hamda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan oʻrganilgan. Bu haqda Kun.uzʻga Bolalar ombudsmani maʼlum qildi.

Kun.uz’ning ma’lum qilishicha, holatlardan biri Chust tumanidagi 69-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabida sodir boʻlgan. Namangan viloyati Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi tomonidan taʼlim maqsadlariga zid ravishda maktabda taʼlim jarayoni bilan bogʻliq boʻlmagan tadbirlar tashkil etgani uchun maktab direktori J.T.ga intizomiy chora qoʻllanib, u lavozimidan ozod etilgan.

Shuningdek, yana bir holat Surxondaryo viloyati Qiziriq tumanidagi 11-sonli maktabgacha taʼlim tashkilotida kuzatilgan. Surxondaryo viloyati maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi tomonidan bunga yoʻl qoʻygan maktabgacha taʼlim tashkiloti mudirasi v.v.b. A.Z.ga ham tegishli intizomiy chora koʻrilib, u vazifasidan ozod qilingan.

“Oʻzbekiston ratifikatsiya qilgan BMTning Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyasining 32-moddasida davlat bolaning iqtisodiy ekspluatatsiyadan hamda uning sogʻligʻi uchun xavf-xatar yetkazishi mumkin boʻlgan yoki taʼlim olishiga toʻsqinlik qiladigan yoxud sogʻligʻi, jismoniy, aqliy, maʼnaviy, axloqiy va ijtimoiy rivojlanishiga zarar keltiradigan har qanday ishlardan himoya qilinish huquqini eʼtirof etadi deb belgilangan.

Maktab va maktabgacha taʼlim tashkilotlarida turli media tijorat kompaniyalari targʻibotining oʻtkazilishi taʼlim muassasalarning maqsad va vazifalariga nomuvofiq boʻlishi bilan birgalikda, qonunchilik talablariga ham ziddir.

Xususan, “Reklama toʻgʻrisida”gi qonunning 17-moddasida voyaga yetmaganlarni tovarlarni olishga daʼvat qilish yoki reklama qilinayotgan tovarlarni olishni iltimos qilib uchinchi shaxslarga murojaat etishga undash taqiqlanishi belgilangan. Bolalardan bu kabi tijoriy maqsadlarda foydalanish – bola ekspluatatsiyasining bir shaklidir”, deyiladi Bolalar ombudsmani munosabatida.

Taʼlim bilan bogʻliq boʻlmagan har qanday tashviqot tadbirlariga bolalarning jalb etilishiga nisbatan qatʼiy murosasiz boʻlish va bunday nomaqbul holatlarga yoʻl qoʻygan mansabdor shaxslarga nisbatan tegishli qonuniy choralar koʻrish shartligi yuzasidan Bolalar ombudsmani tomonidan Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligiga tegishli xulosa kiritilgan.

Qoʻshimcha qilinishicha, hozirda vazirlik rahbariyati tomonidan taʼlim muassasalarida bunday nomaqbul holatlarga yoʻl qoʻymaslik choralarini koʻrish boʻyicha respublikaning barcha hududiy maktabgacha va maktab taʼlim boshqarmalariga tegishli topshiriqlar berilgan.

Bundan tashqari, HNK mediakompaniyasi targʻiboti bilan mahalla raislari ham shugʻullanayotganini aniqlagan. Xususan, Buxoro shahridagi Toʻqimachi mahallasiga 2,5-yildan beri raislik qilib kelayotgan Sherzod Jumayev ushbu moliyaviy piramidaga uning oʻzi ham qoʻshilganini maʼlum qilgangan.

“Tekshirib koʻrdim, bu ishonchli ekan, Oʻzbekiston bilan 2021-2031-yillarga shartnoma qilgan ekan. Guvohnomalarini koʻrdim. Oʻzim ham 360 ming soʻm bilan kirdim. Hali birinchi bosqichdaman”, degan edi mahalla raisi.

Kun.uz tahririyati holat yuzasidan Mahallalar uyushmasi Buxoro viloyati boshqarmasi matbuot xizmati bilan bogʻlangan. Biroq boshqarma vakili Sherzod Jumayevga biror chora koʻrilgan yoki koʻrilmaganini ochiqlamagan.