Imtihonlar.uz Yuksak marralar sari

O‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan firibgarlar ushlandi

30-iyun 07:10
O‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan firibgarlar ushlandi

Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda DXXning Farg‘ona viloyati boshqarmalari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro I.O. fuqaro Sh.Yu.ning ishonchiga kirib, unga tanishlari yordamida qo‘shni Qirg‘iziston Respublikasidagi oliygohlarda o‘qiganlik haqida soxta hujjat tayyorlab, uning o‘qishini Namangan viloyatidagi nodavlat oliy ta’lim muassasasiga ko‘chirib berish evaziga 4 500 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Qo‘rg‘ontepada o‘tkazilgan tadbir

Shu kabi, Departamentning Qo‘rg‘ontepa tuman bo‘limi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqarolar P.X. va X.A. oldindan o‘zaro til biriktirib, fuqaro A.T.ning ishonchiga kirib, uni 4 000 AQSH dollari evaziga yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari yordamida Jizzax davlat universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yishlarini aytib, oldindan 2 000 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlanishgan.

Qoraqalpog‘istondagi firibgarlik

Departamentning Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi, DXX va IIV xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa, fuqaro A.U. fuqaro G.U.ning ishonchiga kirib, unga qo‘shni Qozog‘iston Respublikasidagi institutda o‘qiyotganligi to‘g‘risida hujjatlarni tayyorlab berish orqali Qoraqalpoq davlat universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yishi evaziga 14 mln so‘mni firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Jinoyat ishlari qo‘zg‘atilishi

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Manba