Milliy yoki xalqaro sertifikatga ega litsey o‘quvchilari ham davlat imtihonidan ozod etiladi
Akademik litsey o‘quvchilari uchun yakuniy davlat attestatsiyasi tartibiga muhim o‘zgartirishlar kiritildi. Endilikda milliy yoki xalqaro sertifikatga ega o‘quvchilar tegishli fanlardan davlat imtihonlarini topshirmaydi va ularga avtomatik ravishda maksimal ball beriladi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining tegishli buyrug‘i (2026-yil 10-mart, 100-son) bilan “Oʻrta maxsus taʼlim tashkilotlarida yakuniy davlat attestatsiyasini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom”ga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritildi.
Unga ko‘ra, endilikda xorijiy tillar va umumta’lim fanlarini bilish darajasini belgilovchi milliy yoki xalqaro tan olingan sertifikatga ega bo‘lgan o‘quvchilar mazkur fanlardan davlat imtihonlarini topshirmaydilar. Ularga tegishli fan bo‘yicha avtomatik ravishda maksimal ball beriladi.
Imtihon bahosidan norozi bo‘lgan o‘quvchilar uchun shikoyat qilish tartibi takomillashtirildi:
— baho e’lon qilingan kundan boshlab 3 ish kuni ichida ariza berish mumkin;
— apellyatsiya komissiyasi tarkibiga OTM professor-o‘qituvchilari va soha mutaxassislaridan iborat 5 kishi kiritiladi;
— apellyatsiya jarayonida o‘quvchining olgan ballini pasaytirishga yo‘l qo‘yilmaydi;
— shikoyatni ko‘rib chiqishda o‘quvchi yoki uning ota-onasi bevosita ishtirok etish huquqiga ega.
Shuningdek, agar o‘quvchi yakuniy attestatsiyani 3 yil davomida topshira olmasa, unga eksternat tartibida imtihon topshirish huquqiga ega boʻladi. Imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirganlarga Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan davlat namunasidagi shahodatnoma taqdim etiladi.
Avvalroq, o‘quvchilarni yakuniy imtihondan ozod etuvchi sertifikatlar ro‘yxati tasdiqlanganligi haqida xabar bergan edik.