Ayrim akademik litsey o‘quvchilariga yakuniy attestatsiya sinovlarida qo‘shimcha imtiyozlar beriladi
Endilikda yakuniy attestatsiya sinovlarida milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan o‘quvchilarga mazkur fanlardan maksimal ball beriladi. Shu bilan birga, 3 yil davomida attestatsiyani topshirmagan o‘quvchilar eksternat tartibida hujjat olish huquqiga ega bo‘ladi.
Adliya vazirligi tomonidan O‘rta maxsus ta’lim tashkilotlarida yakuniy davlat attestatsiyasini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga qo‘shimcha va o‘zgartirishlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Unga ko‘ra, yakuniy attestatsiya sinovlarida xorijiy tillar va umumta’lim fanlari bo‘yicha milliy va xalqaro tan olingan sertifikatga ega bo‘lgan o‘quvchilar mazkur fanlardan davlat imtihonlarini topshirmaydi va ularga maksimal ball beriladi.
Yakuniy attestatsiya sinovlarini 3 yil mobaynida ham topshirmagan o‘quvchilarga davlat namunasidagi shahodatnoma olish uchun eksternat tartibida yakuniy attestatsiyani topshirish huquqi beriladi.
Yakuniy attestatsiya sinovlarida shikoyatlarni ko‘rib chiqish uchun apellyatsiya komissiyasi tuziladi hamda o‘quvchilar davlat imtihoni baholari e’lon qilingan kundan boshlab 3 ish kuni ichida apellyatsiya shikoyati berishi mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, apellyatsiya shikoyatini ko‘rishda o‘quvchilarning davlat imtihoni natijasida olgan ballarini pasaytirishga yo‘l qo‘yilmaydi.