SAT 1200 ball va undan yuqori natijali sertifikati bor abituriyentlar grant asosida o‘qishga qabul qilinadi
Hukumatning tegishli qarori bilan tasdiqlangan bakalavriatga qabul qilish tartibiga muvofiq, SAT xalqaro imtihoni natijalari oliy ta’lim muassasalariga kirishda inobatga olinadi.
Unga ko‘ra, “College Board” tashkiloti tomonidan o‘tkaziladigan Scholastic Aptitude Test (SAT) imtihonida maksimal ballning kamida 75 foizi — 1200 ball va undan yuqori natija qayd etgan abituriyentlar sertifikat berilgan fanlar (matematika va ingliz tili fanlari) kirish imtihonlari tarkibiga mos keladigan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha oliy ta’lim tashkilotlariga qo‘shimcha davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi.
Mazkur imtiyoz barcha ta’lim yo‘nalishlariga tatbiq etilmaydi. U faqat SAT sertifikati berilgan fanlar — matematika va ingliz tili bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari kirish imtihonlari fanlari majmuasida mavjud bo‘lgan yo‘nalishlar uchun amal qiladi.
SAT sertifikatidan beriladigan mazkur imtiyozdan foydalanmoqchi bo‘lgan abituriyentlar sertifikat natijalarini Bilimni baholash agentligiga elektron tarzda, ya’ni 35787 DI kodi orqali yuborishlari shart.
Bilimni baholash agentligi tomonidan o‘tkazilgan anjumanda ma’lum qilinishicha, ushbu imtiyoz 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab amal qiladi.
Eslatma: Faqat DI kod orqali yuborilgan sertifikatlar qabul jarayonida haqiqiy hisoblanadi. Qo‘lda yuklash yoki skrinshotlar qabul qilinmaydi.