Imtihonlar.uz Onlayn test topshirish

Kelasi oʻquv yilidan tibbiyot OTMlarida super-kontrakt asosida qabul bekor qilinishi mumkin

Bugun, 15:17
Kelasi oʻquv yilidan tibbiyot OTMlarida super-kontrakt asosida qabul bekor qilinishi mumkin

Muhokamalar portaliga “Tibbiyot va farmatsevtika taʼlimi sohasida kadrlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaror loyihasi joylashtirildi.

Qaror loyihasiga koʻra, 2026/2027 oʻquv yilidan boshlab tibbiyot sohasida kadrlar tayyorlovchi OTMlarda bakalavriat yoʻnalishlariga oshirilgan toʻlov-kontrakt (super-kontrakt) asosida talabalikka qabul qilish tartibi bekor qilinadi.

Shuningdek, “Davolash ishi” va “Pediatriya ishi” yoʻnalishlari negizida xalqaro standartlarga mos 6-yillik “Umumiy tibbiyot” bakalavr dasturi joriy etiladi. Ushbu yoʻnalish bitiruvchilariga oilaviy shifokor mutaxassisligi beriladi.

Hozirda “Davolash ishi” va “Pediatriya ishi” taʼlim yoʻnalishlarida tahsil olayotgan talabalar uchun oʻquv jarayoni yangilangan oʻquv reja va dasturlar asosida davom ettiriladi. Bakalavriat taʼlim yoʻnalishlarida bitiruvchi kurs talabalari uchun toʻliq oʻquv yili davomida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami va yoʻnalishi boʻyicha tegishli muassasalarda amaliyot oʻtaydi.

Bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari, magistratura va rezidentura mutaxassisliklarining klinik fanlar boʻyicha rotatsiyalarda “Bemor oʻrnida” oʻqitish tizimi joriy etiladi. Unga koʻra, kunlik mashgʻulotlarning kamida ikki soati bevosita bemor bilan ishlashga ajratiladi. Shuningdek, “Bir talaba – bir bemor” tamoyili asosida haftasiga kamida uch marta individual ishlash amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi.

Oilaviy tibbiyot yoʻnalishi boʻyicha ikki yillik rezidentura va undan soʻng ixtiyoriy bir yillik magistratura tashkil etiladi. Rezidentlar biriktirilgan oilaviy poliklinikalarda amaliyot oʻtashi belgilangan.

Bundan tashqari, bakalavriat, rezidentura va magistratura bosqichlarida minimal oʻtish ballari quyidagicha belgilanadi:

— shifokor mutaxassisliklari uchun 70 foiz;

— oʻrta tibbiy xodimlari mutaxassisliklari uchun 60 foiz.

2027-yil 1-yanvardan boshlab umumiy oʻqish davrining kamida 50 foizini davlat granti asosida bitirgan hamda maxsus imtihondan muvaffaqiyatli oʻtgan talabalar uchun hududlarga qarab 1500 soatdan 3000 soatgacha davlat tibbiyot muassasalarida majburiy ishlab berish tartibi joriy etiladi.

Shuningdek, 2026/2027 oʻquv yilidan boshlab esa oʻrta tibbiyot xodimlarini tayyorlashning ikki yillik dasturlari bekor qilinadi. Tibbiyot texnikumlari bitiruvchilariga belgilangan tartibda faqat “Oliy hamshiralik ishi” bakalavriat yoʻnalishida ikkinchi kursdan oʻqishni davom ettirish huquqi beriladi.