Imtihonlar.uz Yuksak marralar sari

O‘qishni ko‘chirish va qayta tiklash arizasiga rad javobi beriladigan holatlar

26-iyul 17:22
O‘qishni ko‘chirish va qayta tiklash arizasiga rad javobi beriladigan holatlar

Qanday holatda o‘qishini ko‘chirish va qayta tiklash haqidagi arizaga rad javobi beriladi?

Xorijiy OTMdan ko‘chirishda talabgor yo‘nalishiga qarab yo test, yo ijodiy imtihon topshiradi. O‘tish ballari har yili 15-iyulgacha Bilim va malakalarni baholash agentligi saytida e’lon qilinadi.

O‘zbekistondagi bir OTMdan boshqasiga ko‘chirish uchun esa faqat 2 ta toifa talabalarga ruxsat bor:

  • Talaba turmushga chiqsa, turmush o‘rtog‘ining yashash joyidagi OTMga;
  • Davlat xizmatchisining ish joyi o‘zgarganda farzandi yoki turmush o‘rtog‘i tegishli rahbar tavsiyanomasi bilan o‘qishini ko‘chirishi mumkin.

Quyidagi holatlarda o‘qishni ko‘chirishga ruxsat berilmaydi:

  • Xorijiy davlatlarning akkreditatsiyaga ega bo‘lmagan oliy ta’lim muassasalarida yoki ularning filiallarida o‘qiganlarga;
  • Respublika oliy ta’lim muassasalaridagi mavjud ta’lim shaklidan o‘zga (boshqa) ta’lim shaklida o‘qiganlarga;
  • Oliy ta’lim muassasalarining markazlari, bo‘limlari, o‘quv-maslahat punktlari va boshqalarda o‘qiganlarga;
  • Birinchi kursning birinchi semestriga birinchi semestr tugallanmagan holatda o‘qishni ko‘chirishga (talabaga kasallik tufayli akademik ta’til berilgan holatlar, o‘qigan ta’lim yo‘nalishi mavjud bo‘lmaganda ko‘chirib tiklash holatlari bundan mustasno);
  • Oliy ta’lim muassasasida mos (turdosh) ta’lim yo‘nalishi (mutaxassisligi) yoki ta’lim shakli mavjud bo‘lmasa;
  • Namunaviy o‘quv rejalaridagi umumkasbiy va ixtisoslik (mutaxassislik) fanlari bo‘yicha farqlar 4 tadan oshganda;
  • To‘lov-kontrakt asosida o‘qishga tavsiya etilganlar to‘lovni belgilangan muddatda amalga oshirmaganda;
  • Talabaning shaxsiy yig‘ma jildi (akademik ma’lumotnoma) belgilangan muddatlarda taqdim etilmaganda;
  • Oliy ta’lim muassasasiga davlat granti asosida ko‘chirish va qayta tiklash davlat granti asosida ta’lim oluvchilar soni (qabul kvotalari) doirasida bo‘sh o‘rinlar mavjud bo‘lmasa;
  • Oliy ta’lim muassasasi moddiy-texnika bazasining imkoniyati cheklanganda;
  • Maqsadli qabul qilinganlar boshqa ta’lim yo‘nalishi yoki ta’lim shakliga, boshqa oliy ta’lim muassasasiga;
  • Kechki (smenali) ta’limdan sirtqi (maxsus sirtqi) ta’limga hamda kechki (smenali) ta’limning bir ta’lim sohasidan ikkinchi ta’lim sohasiga;
  • Sirtqi (maxsus sirtqi) ta’limdan kunduzgi ta’limga hamda sirtqi (maxsus sirtqi) ta’limning bir ta’lim sohasidan ikkinchi ta’lim sohasiga;
  • Bir ta’lim shaklidan maxsus sirtqi ta’lim shakliga hamda maxsus sirtqi ta’lim shaklidan boshqa ta’lim shakliga;
  • Talaba O‘zbekiston va xorijiy oliy ta’lim muassasalarining o‘zaro kelishuvi asosida qabul qilinib qo‘shma ta’lim dasturlari asosida tahsil olgan yoki tahsil olayotgan bo‘lsa (mazkur qo‘shma dasturning o‘zi bundan mustasno).

O‘qishni ko‘chirish quyidagi platformalarda amalga oshiriladi:

  1. transfer.edu.uz – bir davlat oliy ta’lim muassasasidan boshqa davlat oliy ta’lim muassasasiga ko‘chirish uchun;
  2. my.uzbmb.uz – xorijiy yoki nodavlat OTMdan davlat OTMga ko‘chirish uchun.

Eslatma: O‘qishni ko‘chirish uchun arizalar 15-iyuldan 5-avgustgacha qabul qilinadi.