O‘qituvchi huquqbuzarligi uchun 7 sutkaga qamaldi
O‘quvchini urgan o‘qituvchi boshqa huquqbuzarligi uchun 7 sutkaga qamaldi
Toshkent shahrining Chilonzor tumanidagi 188-maktabda oʻquvchini urgan sinov muddatidagi oʻqituvchiga yana boshqa huquqbuzarligi uchun jazo ko‘rildi. Bu haqda Bolalar ombudsmani xabar berdi.
2024-yilning 24-sentyabr kuni 44 yoshli ayol (oʻquvchini urgan ayol) 14 yoshli qizi oʻqiydigan Yashnobod tumanidagi 204-umumiy oʻrta taʼlim maktabiga borib, maktab rahbariyati bilan tortishib qolgan va maktab direktorining MMIB oʻrinbosariga nisbatan jismoniy kuch ishlatgan.
Ayoldan jamoat joyida tartibga rioya qilishi soʻralganida, maktab hududida Milliy gvardiya va IIO xodimlariga nisbatan gʻayriijtimoiy munosabatda boʻlib, ularining qonuniy talablarini bajarmasdan keskin qarshilik koʻrsatgan. Ushbu noqonuniy harakatlarini ayol koʻplab maktab oʻquvchilari koʻz oʻngida sodir etgan.
25-sentyabr kuni jinoyat ishlari boʻyicha Yashnobod tuman sudida mazkur ish koʻrib chiqildi. Ayol sud tomonidan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 183-moddasi (Mayda bezorilik), 194-moddasining 1-qismi (Milliy gvardiyasi harbiy xizmatchisining (xodimining) qonuniy talablarini bajarmaslik) va 197−5-moddasi (Taʼlim tashkiloti pedagog xodimining kasbiy faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashish yoki oʻz xizmat vazifalarini bajarishiga toʻsqinlik qilish) bilan aybdor deb topilib, unga 7 sutka maʼmuriy qamoq jazosi, BHMning 3 baravari (1 020 000 soʻm) va BHMning 7 baravari (2 380 000) soʻm jarima jazosi tayinlandi.
Ombudsman xabarida ayolning Chilonzor tumanidagi 188-sonli umumtaʼlim maktabda 6-sinf oʻquvchisiga nisbatan sodir etgan harakati hozirda tergovga qadar tekshiruvda ekanligi ma’lum qilingan.
“️Pedagog va tarbiyachilar tegishli vazifa yoki lavozimga tayinlanishidan avval maxsus psixologik koʻrikdan oʻtkazilishi kerak. Nomunosib xulqli, bola sogʻligʻi uchun xavfli shaxslar taʼlim-tarbiya muassasalarida faoliyat yuritishiga yoʻl qoʻyish mumkin emas”, — deyiladi xabarda.