O‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarida pedagoglar va rahbarlarning oyliklari oshdi
O‘rta maxsus ta’lim va professional ta’lim tashkilotlari pedagog va rahbar xodimlarining bazaviy tarif stavkalari miqdorlari oshirildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 12-avgustdagi PF-108-sonli “Ish haqi, pensiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida” Farmoniga muvofiq, 2024-yil 1-oktabrdan boshlab byudjet tashkilotlarida ishlovchi pedagog va tibbiyot xodimlarining ish haqi miqdorlari oshirildi. Bu ma’lumotni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi va Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi rasmiy ravishda e’lon qildi.
Yangi tartibga ko‘ra, byudjet tashkilotlaridagi pedagog va boshqa xodimlar uchun quyidagi o‘zgarishlar amalga oshirildi:
-
Byudjet tashkilotlarida ishlovchi pedagog xodimlar uchun ish haqi 15 foizga oshirildi. Bu maktabgacha, umumta’lim, o‘rta maxsus, professional ta’lim muassasalari, “Muruvvat” internat uylari, “Mehribonlik” uylari va bolalar sanatoriyalarida ishlovchi barcha pedagoglarga taalluqlidir.
-
Byudjet tashkilotlarida ishlovchi boshqa xodimlarning ish haqi miqdori esa 10 foizga oshdi.
Shuningdek, mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori oyiga 1 155 000 so‘m, bazaviy hisoblash miqdori esa 375 000 so‘m etib belgilandi.
Ish haqi oshirilishi natijasida o‘rta maxsus ta’lim va professional ta’lim (akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari) pedagog va rahbar xodimlarining bazaviy tarif stavkalari yangi jadvallar asosida belgilandi. Bu o‘zgarishlar pedagoglarning mehnat sharoitlarini yaxshilashga, ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan muhim qadamdir.