O‘zbekistonda Belarus oliy o‘quv yurtlarining filiallari ochilishi mumkin
Minsk shahrida O‘zbekiston va Belarus o‘rtasida ta’lim sohasida hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston elchisi Rahmatulla Nazarov Belarus ta’lim vaziri Andrey Ivanets bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda "Dunyo".
Suhbat davomida Belarus tomoni prezident Aleksandr Lukashenkoning joriy yil 7-9 fevral kunlari O‘zbekistonga rasmiy tashrifi yakunlarini yuqori baholadi. Tashrif yakunlari bo‘yicha maktabgacha va maktab ta’limi sohasida erishilgan kelishuvlar alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, belgilangan vazifalarni bajarish bo‘yicha ishlarni faollashtirish zarurligi qayd etilib, "Yo‘l xaritasi" va ta’lim sohasidagi hamkorlik dasturi bandlarini amalga oshirishning borishini muhokama qilishga tayyorlik bildirildi.
Muloqot chog‘ida O‘zbekistonda Belarus oliy o‘quv yurtlarining filiallarini ochish, mamlakat hududlarida kasb-hunar ta’limi sohasida "pilot loyihalar"ni amalga oshirish hamda ishchilar, menejyerlar almashinuvini tashkil etish hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari ekanligi qayd etildi.
Uchrashuv yakunida ikki davlat vakolatli organlari o‘rtasida muhokama qilingan masalalarni batafsil o‘rganish bo‘yicha kelishuvga erishildi.