Qibray tumanida joylashgan Toshkent davlat agrar universiteti hududida yong‘in yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Qibray tumanida joylashgan Toshkent davlat agrar universiteti hududida yong‘in yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
30-sentabr kuni Toshkent viloyatining Qibray tumanida joylashgan Toshkent davlat agrar universiteti hududida yirik yong‘in sodir bo‘ldi. Ushbu holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 259-moddasi 2-qismi ("Yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish") bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov ishlari olib borilmoqda. Bu haqda IIBB axborot xizmati rahbari Bobur To‘laganov xabar berdi.
Universitet matbuot xizmatining ma’lumotiga ko‘ra, yong‘in universitet hududidagi O‘rmon xo‘jaligi agentligi binosida sodir bo‘lgan. Biroq, bu xabar qisqa vaqt ichida o‘chirildi. O‘z navbatida, O‘rmon xo‘jaligi agentligi binosida yong‘in chiqqani haqidagi xabarlarni rad etdi. Ularning izohiga ko‘ra, binoga faqat suv purkalishi oqibatida tom qismining qisman zararlangani aytilgan.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, yong‘in soat 20:10 da boshlanib, yong‘in-qutqaruv ekipajlari soat 20:17 da hodisa joyiga yetib borishgan. Soat 21:36 da yong‘in qurshab olingan va soat 22:10 da butunlay o‘chirilgan. Hodisa oqibatida halok bo‘lganlar va jarohat olganlar to‘g‘risida ma’lumot yo‘q.
Yong‘inni bartaraf etish jarayonini Favqulodda vaziyatlar vaziri general-mayor A.X.Qo‘ldoshev bevosita joyidan boshqarib borgan.