Imtihonlar.uz Yuksak marralar sari

Chilonzor, Uchtepa, Zangiota XTB va Registon Algoritm filiali hamkorligidagi Fan Olimpiadasi Nizomi

20-sentabr 20:14
Chilonzor, Uchtepa, Zangiota XTB va Registon Algoritm filiali hamkorligidagi Fan Olimpiadasi Nizomi

Chilonzor, Uchtepa, Zangiota tumani Xalq Ta’limi Bo‘limlari va Registon O‘quv Markazi Algoritm filiali hamkorligida o‘tkaziladigan "Registon Fan Olimpiadasi" uchun nizom tasdiqlandi. Ushbu nizom olimpiadada ishtirok etish shartlari, bosqichlari va savollarning tuzilishi, taqdirlash marosimi haqida ma’lumot beradi.

1. Olimpiada o‘tkaziladigan fanlar

"Registon Fan Olimpiadasi" Chilonzor, Uchtepa, Zangiota tumani Xalq Ta’limi Bo‘limlari va Registon O‘quv Markazi Algoritm filiali hamkorligida tashkil qilinmoqda. Ushbu olimpiadada ishtirokchilar quyidagi fanlar bo‘yicha bilimlarini sinab ko‘rishlari mumkin:

  • Matematika;
  • Ingliz tili;
  • Ona tili va adabiyoti;
  • Rus tili;
  • Kimyo;
  • Biologiya.

Olimpiadada Chilonzor, Uchtepa, Zangiota tumanidagi maktablarning 3-sinfdan 11-sinfgacha bo‘lgan o‘quvchilari qatnashishi mumkin. Shuningdek, boshqa tumandagi umumta’lim maktablaridan ham o‘quvchilar qatnashishi mumkin. Olimpiadada savollar rus va o‘zbek tillarida (matematika fani bo‘yicha) beriladi va natijalar sinf bo‘yicha e’lon qilinadi.

2. Olimpiadani o‘tkazish bosqichlari va sanalari

Olimpiadaga ro‘yxatdan o‘tish 20-sentabrdan boshlanadi va 6-oktabr kuni soat 23:00 da tugaydi. Olimpiadaning o‘zi esa 13-oktabr, yakshanba kuni, Registon O‘quv Markazi Algoritm filialida offline tarzda o‘tkaziladi.

Smenalar va xonalarga taqsimot 12-oktabr kuni soat 16:00 gacha e’lon qilinadi. Natijalar 20-oktabr kuni chiqadi, shuningdek, apellyatsiyalar 5 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Olimpiadada yuqori ball to‘plagan o‘quvchilar uchun maxsus master-klasslar tashkil qilinadi.

3. Olimpiada savollari va o‘tkazilish tartibi

Olimpiada 6 ta fandan o‘tkaziladi: matematika, ingliz tili, ona tili va adabiyoti, rus tili, kimyo, biologiya. Har bir fandan 40 tadan savol tuziladi. Har bir to‘g‘ri javobga 2,5 ball beriladi, maksimal to‘plash mumkin bo‘lgan ball – 100.

Savollar maxsus savollar kitobida beriladi, belgilash uchun alohida tiltl varag‘i ajratiladi. Test uchun berilgan vaqt: 80 daqiqa. Natijalar markazning rasmiy Telegram kanalida va binoda chiqariladi. O‘quvchilar 3 kun ichida shikoyat qilish huquqiga ega bo‘ladilar.

4. Olimpiadada yuqori ball to‘plagan o‘quvchilarni taqdirlash

Olimpiadada yuqori ball to‘plagan o‘quvchilar quyidagi sovrinlarga ega bo‘ladilar:

  • 1-o‘rin: 3 oylik bepul ta’lim + esdalik sovg‘alari;
  • 2-o‘rin: 2 oylik bepul ta’lim + esdalik sovg‘alari;
  • 3-o‘rin: 1 oylik bepul ta’lim + esdalik sovg‘alari;
  • 4-10-o‘rinlar: 50% chegirma + esdalik sovg‘alari;
  • 11-20-o‘rinlar: 40% chegirma + esdalik sovg‘alari;
  • 21-25-o‘rinlar: 30% chegirma + esdalik sovg‘alari.

Sovrinlarni faqat 40 balldan yuqori ball olgan o‘quvchilar yutishi mumkin. Qatnashchilar o‘z yutuqlarini boshqa fanga yoki oila a’zolariga (aka-uka yoki opa-singil) ham taqdim qilishlari mumkin. Barcha yutuqlar 20 kun davomida amal qiladi.

Agar yuqori o‘rinlar uchun bir xil ball to‘plangan bo‘lsa, qo‘shimcha musobaqa o‘tkaziladi. Unda o‘quvchilarning ota-onalari ham ishtirok etishlari mumkin. Olimpiadada shaffoflikni ta’minlash maqsadida Registon o‘quvchilari ishtirok eta olmaydi.

5. Nizom bilan tartibga solinmagan masalalar

Barcha nizom bilan hal qilinmagan masalalar Tashkiliy qo‘mita tomonidan ko‘rib chiqiladi va hal qilinadi. Tashkiliy qo‘mita raisining qarori hal qiluvchi qaror hisoblanadi.

Registon O‘quv Markazi Algoritm Filiali Rahbari:Po‘latov Sh. J.