Imtihonlar.uz Yuksak marralar sari

Namangan davlat universiteti talabalari uchun o‘tkaziladigan “REKTOR IELTS GRANTI” tanlovining Nizomi

26-aprel 15:44
Namangan davlat universiteti talabalari uchun o‘tkaziladigan “REKTOR IELTS GRANTI” tanlovining  Nizomi

Namangan davlat universiteti talabalariga IELTS o‘qish uchun 60 ta Grant ajratildi. Grantning umumiy miqdor 100 million so‘m.

Namangan davlat universiteti bilan hamkorlikda Registon ta’lim loyihasi tomonidan "Rektor IELTS Granti" tanlovini e’lon qiladi. Ushbu Grant orqali 60 nafar talabalarni mutlaqo bepul o‘qitish rejalashtirilgan.

Ma’lumot uchun, “Rektor IELTS Granti” - bu O‘zbekiston ta’limi kelajagiga befarq bo‘lmagan Registon ta’lim loyihasi jamoasi tomonidan ishlab chiqilgan navbatdagi ijtimoiy loyiha bo‘lib, bu orqali eng iqtidorli talabalarni bepul o‘qitish va munosib mukofotlash ko‘zda tutilgan.

Tanlovning asosiy maqsadi - Namangan davlat universitetida tahsil olayotgan yoshlarning ta’lim olishini rag‘batlantirish, iqtidorli talabalarni qo‘llab-quvvatlash, yoshlarning ingliz tili savodxonlik darajasini oshirish hamda moliyaviy rag‘batlantirish orqali O‘zbekiston ta’lim sohasini yanada rivojlantirishdan iborat.

Rektor IELTS Granti tanlovi g‘oliblari uchun mukofotlar:

  • Tanlovning maxsus g‘oliblik guvohnomasi va esdalik sovg‘alari;
  • Registon o‘quv markazida IELTS imtihoniga tayyorlov kursini 3 oy davomida mutlaqo bepul o‘qish imkoniyati (kalendar oy asosida);
  • Registonning maxsus IELTS materiallari va kitoblaridan bepul foydalanish imkoniyati;
  • "Registan IELTS Premium Mock Exam" rasmiy materiallaridan bepul foydalanish imkoniyati;
  • "Registan IELTS Premium Mock Exam" imtihonlarida bepul qatnashish imkoniyati;
  • Registon o‘quv markazining "Support teacher" xizmatidan bepul foydalanish imkoniyati;
  • Maxsus platformada onlayn darslar, IELTS 8.0 + mentorlardan qo‘shimcha darslar olish imkoniyati;

Shuningdek, tanlovda ishtirok etgan nomzodlarning barchasiga maxsus QR-kodli sertifikatlar beriladi.

Tanlovni tashkil etish va o‘tkazish Registon ta’lim loyihasi’ning xalqaro toifadagi ustozlari va Respublika Imtihonlar.uz ta’lim platformasi testolog-mutaxassislaridan tarkib topgan maxsus komissiya tomonidan amalga oshiriladi.

Ma’lumot uchun, Registon ta’lim loyihasi – bu O‘zbekistondagi eng yirik xususiy ta’lim tashkilotlaridan biri bo‘lib, uning tarmog‘ida Respublika bo‘ylab 31 ta o‘quv markazi, Registan IT school, Registan IT kompaniyasi, Registon xususiy nashriyoti, Registon xususiy maktabi kabi yirik loyihalarni o‘z ichiga oladi. Yaqin kunlarda "Registan University" nodavlat oliygohi ham faoliyatini boshlash arafasida turibdi. Hozirda Registon o‘quv markazi tarmog‘ida 20 mingdan ziyod yoshlar tahsil olishadi. O‘zining 9 yillik tarixida 70 mingdan ziyod yoshlar markazni muvaffaqiyatli yakunlashgan.

Tanlov tashkilotchilari:

Registon ta’lim loyihasi, Namangan davlat universiteti, Respublika Imtihonlar.uz ta’lim platformasi.

Grantning umumiy qiymati:

Talabalarning ta’lim olishi uchun 100 million so‘m ajratilgan

Grant uchun kvota:

Grant g‘oliblari soni joriy o‘quv yilida 60 nafar iqtidorli talabalar uchun belgilangan.

Joriy o‘quv yilida nomzodlarning tashabbuslari va takliflari tanlovning maxsus komissiyasi tomonidan o‘rganib chiqilib, keyingi o‘quv yillaridan grant sovrindorlari soni va ularga beriladigan grant miqdorlari oshirib boriladi.

Tanlov ishtirokchilari:

  • Ingliz tilining Intermediate va undan yuqori darajada biluvchi Namangan davlat universiteti talabalari
  • Muhim eslatma: ushbu grant loyihasi Registon o‘quv markazida o‘qimoqchi bo‘lgan talabalar uchun tashkil etilmoqda. Ayni vaqtda Registon o‘quv markazida tahsil olayotgan talabalar ushbu loyihada o‘z bilimlarini tekshirib olishlari maqsadida imtihonlarda ishtirok etishi mumkin, lekin grantga ega bo‘la olishmaydi.

Tanlovga ro‘yxatdan o‘tish:

  • Mudir IELTS Granti tanlovida ishtirok etish istagida bo‘lgan o‘quvchilar @Rektor_IELTS_granti_bot orqali ro‘yxatdan o‘tadi va Respublika Imtihonlar.uz platformasida tanlovning maxsus “Shaxsiy kabineti”ni faollashtiradi.
  • Tanlov ishtirokchilari ro‘yxatdan o‘tish vaqtida shaxsiy ma’lumotlarining to‘g‘ri va aniq to‘ldirilayotganligiga ahamiyat berishlari lozim.
  • Ro‘yxatdan o‘tish oxirgi sanasi: 23 - May

Tanlov bosqichlari:

Rektor IELTS Granti tanlovi 2 bosqichdan iborat. Tanlov bosqichlari umumiy baholash tizimi asosida baholanadi hamda eng munosib ishtirokchilar saralanadi.

Birinchi bosqich

Ushbu bosqichda tanlovda ishtirok etuvchi talabalar Respublika Imtihonlar.uz ta’lim platformasi orqali Namangan viloyati miqyosida onlayn imtihon topshiradilar.

Onlayn imtihonda ingliz tilining turli darajalarida (listening, reading, vocabulary, grammar) 50 ta test savoli beriladi.

Tanlovning 1-bosqichi 24-may kuni soat 18:00 da boshlanadi va 25-may kuni soat 18:00 da yakunlanadi (Izoh: Loyihaning 1-bosqichi boshlanishi bilan bir vaqtning o‘zida o‘n minglab ishtirokchilar platformada imtihonni boshlashdi va buning natijasida platforma tizimining serverida katta yuklama paydo bo‘ldi. Shu sabab ko‘pgina nomzodlar palatformada o‘zlarining Shaxsiy kabinetlariga kirishda uzilishlarga duch kelishdi. Shuning uchun 1-bosqich imtihonida ishtirok eta olmagan nomzodlar uchun ushbu bosqich vaqtini uzaytirdik.)

Barcha nomzodlar belgilangan vaqt oralig‘ida 40 daqiqa davom etuvchi online testda ishtirok etishadi. Tanlovning maxsus test platformasi 24-may kuni soat 18:00 yopiladi.

Birinchi bosqich yakunlangandan so‘ng umumiy natijalar mandati shakllantiriladi va eng yuqori natija ko‘rsatgan o‘quvchilar kvotalar doirasida taqsimlanadi hamda ikkinchi bosqichga yo‘llanmani qo‘lga kiritadi.

1-bosqichdan 2-bosqichga o‘tishning minimal natijasi - 80 foiz (40 ta to‘g‘ri javob va undan yuqori) talab etiladi.

Ikkinchi bosqichga o‘tgan o‘quvchilar uchun maxsus sms xabarnoma va Shaxsiy kabinet orqali xabar jo‘natiladi.

Ishtirokchilar uchun qat’iy eslatmalar:

  • - Tanlov boshlanishidan oldin yo‘riqnoma bilan yaxshilab tanishib chiqing;
  • - Birinchi bosqichda ishtirok etishdan oldin Registon o‘quv markazi haqida va joylashgan manzillari bo‘yicha barcha ma’lumotlar bilan tanishib chiqing;

Ikkinchi bosqich

  • Ushbu bosqich “Rektor IELTS Granti” tanlovining eng asosiy bosqichi bo‘lib, ishtirokchilar ushbu bosqichda maxsus IELTS Mock imtihonidan o‘tishadi.
  • - Bo‘lib o‘tadigan vaqt va manzil: 2024 yil 2 – iyun yakshanba kuni soat 09:00 da Registon o‘quv markazida keng ko‘lamda IELTS Mock imtihonlari bo‘lib o‘tadi.
  • Ikkinchi bosqich yakunlangandan so‘ng 10 kun davomida ishtirokchilarning umumiy natijalari Registon o‘quv markazining xalqaro toifadagi ustozlaridan tarkib topgan maxsus kommissiya tomonidan tekshiriladi va umumiy natijalar e’lon qilinadi.

Tanlov g‘olibi bo‘lishi uchun yakuniy imtihondan kamida IELTS Mock 5.0+ natijani qo‘lga kiritgan bo‘lishi talab etiladi. Yakuniy bosqichning ballari hal qiluvchi natija hisoblanadi va belgilangan kvota asosida g‘oliblar aniqlanadi.

Ushbu bosqichda eng munosib deb topilgan nomzodlar tanlovning mutlaq g‘oliblari deb e’lon qilinadi.

✅ Ishtirokchilar uchun qat’iy eslatmalar:

  • Rektor IELTS GRANTi g‘olibi bo‘lish uchun yakuniy imtihondan kamida IELTS Mock 5.0+ darajada bo‘lishingiz talab etiladi. Chunki, ushbu tanlov IELTS darajasini o‘qish uchun mo‘ljallangan bo‘lib, Grant g‘oliblari 3 oyga mo‘ljallangan maxsus dasturimizda mutlaqo bepul o‘qish imkoniyatiga ega bo‘lishadi. Ushbu dasturda o‘qish va dasturni tushunishingiz uchun sizdan kamida intermediate yoki undan yuqori daraja talab qilinadi;

Tanlov g‘olibi bo‘lgan nomzodlar Registon o‘quv markazi bilan shartnoma tuzib Grant asosida o‘qishni boshlagandan so‘ng, 10 kun ichida maxsus mentor tomonidan belgilangan kunga IELTS sertifikatini olish uchun imtihonga ro‘yxatdan o‘tishlari shart!

Tanlov g‘oliblarini rag‘batlantirish:

Rektor IELTS Granti tanlovi g‘oliblari Registon o‘quv markazining maxsus tadbirlar bo‘lib o‘tadigan majlislar zalida tantanali ravishda taqdirlanishadi.

Tanlovda qatnashib, sovrinli o‘rinlarni egallagan g‘oliblar munosib rag‘batlantiriladi.

Shuningdek, tanlovda ishtirok etgan nomzodlarning barchasiga maxsus esdalik QR-kodli sertifikatlar onlayn topshiriladi. Sertifikatlar Respublika Imtihonlar.uz ta’lim platformasining “Shaxsiy kabinet” bo‘limi orqali barcha ishtirokchilarga yuboriladi.

Registon o‘quv markazi o‘zining bo‘lajak eng iqtidorli o‘quvchilariga omad tilaydi!