Mudir Olimpiadasi Nizomi (Namangan)
Namangan shahar, Yangi Namangan tumani hamda Davlatobod tumani Xalq ta’limi bo‘limi va Registon O‘quv Markazi Namangan filiali hamkorligida o‘tkaziladigan “Mudir Olimpiadasi” Nizomi
Olimpiada o‘tkaziladigan fanlar.
“Mudir Olimpiadasi” Namangan shahar, Yangi Namangan tumani va Davlatobod tumani Xalq Ta’limi Bo‘limi hamda Registon O‘quv Markazi Namangan filiali hamkorligida o‘tkazilmoqda. Mazkur olimpiadada o‘quvchilar quyidagi fanlardan ishtirok etishlari mumkin:
- Matematika
- Ingliz tili
- Rus tili
Olimpiadada Namangan shahar, Yangi Namangan tumani hamda Davlatobod tumanida joylashgan maktablarning 3-sinfidan 10-sinfigacha bo‘lgan o‘quvchilar ishtirok etishlari mumkin. Shuningdek, boshqa tumandagi umumta’lim maktablaridan ham o‘quvchilar qatnashsalar ham bo‘ladi. Lekin ular qimmatbaho sovg‘alarga da’vogar bo‘la olmaydilar. Olimpiadada savollar rus va o‘zbek tillarida beriladi (bu matematika faniga taalluqli), natijalar esa sinfma-sinf e’lon qilinadi.
Olimpiadani o‘tkazish bosqichlari va sanalari.
Olimpiada uchun registratsiyadan o‘tish 15 – apreldan boshlanadi. Oxirgi ro‘yxatdan o‘tish sanasi esa 17 – may kuni soat 23:00 gacha davom etadi.
Olimpiada 18 – may yakshanba kuni Registon o‘quv markazida bo‘lib o‘tadi. Smenalar va xonalarga taqsimot 17 - may kuni soat 16:00 gacha e’lon qilinadi.
Olimpiada natijalari 24 – may kuni e’lon qilinadi. Apelyatsiyalarni 5 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi va natijalar o‘zgarishi mumkin (apelyatsiyaga ko‘ra). Yuqori ball to‘plagan o‘quvchilar uchun maxsus master-klass darslari tashkil qilinadi va taqdirlash marosimi bo‘ladigan kun ham e’lon qilinadi.
Olimpiada savollari va o‘tkazilish tartibi.
Olimpiada uch fandan: Matematika, Rus-tili va Ingliz tili fanlaridan o‘tkaziladi. Har-bir fandan 25 tadan savol tuziladi. Bunda matematika fanidan 25 ta ochiq test, ingliz tilidan esa 20 ta grammatik savol va 5 ta matnli savol (reading) beriladi. Har bir to‘g‘ri javobga 2 balldan beriladi. Maksimum 100 ball to‘plash imkoniyati mavjud.
Eslatma:
Savol va topshiriqlar maxsus savollar kitobida beriladi, belgilash uchun alohida titul varog‘i ajratiladi. Qatnashchilar savollar varog‘ini ko‘zdan kechirib, savollarda kamchilik topishsa, savollar varog‘i almashtirib beriladi. Agarda test savollariga nisbatan shubha tug‘ilsa, shu savolning nomerini titulning orqasiga yozib, shikoyati borligini bildirib qo‘yishi lozim. Agarda savolda haqiqatdan ham kamchilik aniqlansa, shu savol uchun o‘quvchiga 2 ball beriladi.
Olimpiada natijalari markazning rasmiy telegram @Registan_Namangan kanalida e’lon qilinadi va markaz joylashgan binoda ham qog‘oz variantida chiqarilib, ilib qo‘yiladi. O‘quvchilar 3 kunning ichida shikoyat bildirish huquqiga egalar.
Olimpiadada yuqori ball to‘plagan o‘quvchilarni taqdirlash.
Olimpiadada Namangan shahri, Yangi Namangan tumani hamda Davlatobod tumanida joylashgan umumta’lim maktablarining 3-sinfidan 10-sinfigacha bo‘lgan o‘quvchilari qatnashadilar. Shuningdek, boshqa tumandan ham o‘quvchilar qatnashib, bilimlarini sinashlari mumkin. Natijalar har bir sinf bo‘yicha alohida e’lon qilinadi. Yuqori ball to‘plagan o‘quvchilar quyidagi miqdorda voucherlarga ega bo‘ladilar:
1-o‘rin: 520 ming so‘mlik voucher;
2-o‘rin: 400 ming so‘mlik voucher;
3- o‘rin: 300 ming so‘mlik voucher;
4-10- o‘rinlar: 200 ming so‘mlik voucher;
11-20- o‘rinlar: 150 ming so‘mlik voucher;
21-25- o‘rinlar: 100 ming so‘mlik voucher.
Eslatma: Qatnashchilar markazda o‘qish xohishini bildirsalar, yuqoridagi mablag‘lar o‘quvchilarning kurslari uchun to‘lov sifatida o‘tkazib beriladi.
Diqqat!!! Bundan tashqari, jami qatnashchilar orasida fani va sinfidan qat’iy nazar eng ko‘p ball to‘plagan 3 ta o‘quvchiga quyidagicha qimmatbaho sovg‘alar ajratilgan:
1- Oliy o‘rin: Smart TV
2- Oliy o‘rin: Planshet
3- Oliy o‘rin: Telefon
Eslatib o‘tamiz, qimmatbaho sovg‘alarga faqatgina Namangan shahri, Yangi Namangan tumani va Davlatobod tumanida joylashgan maktab o‘quvchilarigina ega bo‘la oladilar. Boshqa tumandan qatnashgan o‘quvchilar esa fanlar uchun voucherlarga ega bo‘la oladilar. Shuningdek, qimmatbaho sovg‘alar egalari umumiy qatnashchilar ichidan aniqlanadi. Ya’ni, bundan sinfma-sinf ajratilmaydi.
Agarda yuqori o‘rin uchun bir xil ball to‘plangan vaziyatda, bu o‘quvchilar markazga chaqirilib, qo‘shimcha bellashuv o‘tkaziladi. Bunda o‘quvchilarning ota-onasi yoki vasiysi holis guvoh bo‘lib qatnashishlari mumkin.