Jizzax viloyati miqyosida maktab o‘quvchilari uchun o‘tkaziladigan “Boshqarma boshlig‘i IELTS Granti” tanlovining nizomi
Prezident maktabiga tayyorlanuvchilar uchun mobil ilova
➡️ YUKLAB OLISH
Jizzax viloyati miqyosida maktab o‘quvchilari uchun o‘tkaziladigan “Boshqarma boshlig‘i IELTS Granti” tanlovining
Nizomi
Jizzax viloyati miqyosida IELTS o‘qish uchun maktab o‘quvchilariga 100 ta Grant ajratildi. Grantning umumiy miqdor 170 million so‘m.
Jizzax viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi va Registon ta’lim loyihasi tomonidan xalqaro “British Council” tashkiloti bilan hamkorlikda "Boshqarma boshlig‘i IELTS Granti" tanlovini e’lon qiladi. Ushbu Grant orqali Jizzax viloyati bo‘ylab 100 nafar yoshlarni mutlaqo bepul o‘qitish rejalashtirilgan.
IELTS Granti - bu O‘zbekiston ta’limi kelajagiga befarq bo‘lmagan Registon ta’lim loyihasi tomonidan ishlab chiqilgan navbatdagi ijtimoiy loyiha bo‘lib, bu orqali eng iqtidorli yoshlarni bepul o‘qitish va munosib mukofotlash ko‘zda tutilgan.
Tanlovning asosiy maqsadi - Zamonaviy yo‘llar bilan yoshlarning ta’lim olishini rag‘batlantirish, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, yoshlarning ingliz tili savodxonlik darajasini oshirish hamda moliyaviy rag‘batlantirish orqali O‘zbekiston ta’lim sohasini yanada rivojlantirishdan iborat.
IELTS Granti tanlovi g‘oliblari uchun taqdim etiladigan imkoniyatlar:
- Registon IELTS Grantining maxsus g‘oliblik guvohnomasi va esdalik sovg‘alari;
- Registon o‘quv markazi Jizzax filialida IELTS imtihoniga tayyorlov kursini 3 oy davomida grant asosida bepul o‘qish imkoniyati (kalendar oy asosida);
- Registonning maxsus IELTS materiallari va kitoblaridan bepul foydalanish imkoniyati;
- British Council tashkiloti xalqaro IELTS ekspertlari bilan hamkorlikda tashkil etiladigan maxsus yopiq trening va seminarlarda bepul qatnashish imkoniyati;
- British Council hamkorligida tashkil etiladigan Mock imtihonlarida bepul qatnashish va imtihonning rasmiy materiallaridan bepul foydalanish imkoniyati;
- Ko‘p yillik tajribaga ega IELTS 8.5 - 9.0 mentorlardan qo‘shimcha darslar olish imkoniyati;
- Maxsus platforma orqali xalqaro IELTS ekspertlaridan onlayn darslar va qo‘shimcha mashg‘ulotlar olish imkoniyati;
- Registon o‘quv markazining "Support teacher" xizmatidan o‘quv jarayonlari davomida istalgan vaqtda bepul foydalanish imkoniyati;
- Shuningdek, tanlovda ishtirok etgan nomzodlarning barchasiga maxsus QR-kodli sertifikatlar beriladi.
Tanlovni tashkil etish va o‘tkazish Registon ta’lim loyihasi’ning xalqaro toifadagi ustozlari hamda British Council tashkilotining xalqaro mutaxassislaridan tarkib topgan maxsus komissiya tomonidan amalga oshiriladi.
Ma’lumot uchun, Registon ta’lim loyihasi – bu 2014-yilda tashkil topgan O‘zbekistondagi eng yirik xususiy ta’lim tashkilotlaridan biri bo‘lib, u Respublika bo‘ylab IELTS va chet tillariga ixtisoslashgan 36 ta o‘quv markazi, shuningdek, Registon xususiy maktabi, Registon tibbiyot kolleji, Registon xususiy nashriyoti, Registon IT kompaniyasi, Registon konsalting kompaniyasi, Registon test markazi, Registon onlayn maktabi (Daryn.uz by Registan) kabi yirik loyihalarni o‘z ichiga oladi. Yaqin oylarda "Registan International University" xalqaro standartlar asosida ta’lim beruvchi nodavlat oliygohi ham o‘z faoliyatini boshlash arafasida turibdi. Hozirgi vaqtda Registon ta’lim eco-sistemasida 30 mingga yaqin yoshlar ta’lim olmoqda, shuningdek, Registon xususiy nashriyoti tomonidan chop etiladigan o‘quv qo‘llanmalari va darsliklaridan har yili 100 000 dan ortiq yoshlar foydalanadi. Registonning 10 yillik tarixi davomida 70 mingdan ziyod yoshlar muvaffaqiyatli ta’lim olishgan.
- Tanlov tashkilotchilari:
Jizzax viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi, Registon ta’lim loyihasi va xalqaro British Council tashkiloti
- Hamkorlar:
Respublika Imtihonlar.uz platformasi
- Grantning umumiy qiymati:
Yoshlarning ta’lim olishi uchun umumiy 170 million so‘m grant ajratilgan
- Grant uchun kvota:
Grant g‘oliblari soni joriy o‘quv yilida 100 nafar iqtidorli yoshlar uchun belgilangan.
Joriy o‘quv yilida nomzodlarning tashabbuslari va takliflari tanlovning maxsus komissiyasi tomonidan o‘rganib chiqilib, keyingi o‘quv yillaridan grant sovrindorlari soni va ularga beriladigan grant miqdorlari oshirib boriladi.
- Tanlov ishtirokchilari:
Ingliz tili (General English) darajalari bo‘yicha Intermediate va undan yuqori darajada bo‘lgan, Registon o‘quv markazida ta’lim olishni istagan Jizzax viloyati tahsil olayotgan 8-11 sinf o‘quvchilari
Muhim eslatma: ushbu grant loyihasi Registon o‘quv markazida o‘qimoqchi bo‘lgan yangi o‘quvchilar uchun tashkil etilgan. Markazlarimizda tahsil olayotgan o‘quvchilar ushbu loyihada o‘z bilimlarini tekshirib olish maqsadida imtihonlarda ishtirok etishi mumkin, lekin grantga ega bo‘la olishmaydi.
- Tanlovga ro‘yxatdan o‘tish
Mudir IELTS Granti tanlovida ishtirok etish istagida bo‘lgan talabgorlar @Jizzax_IELTS_bot orqali ro‘yxatdan o‘tadi va Respublika Imtihonlar.uz platformasida tanlovning maxsus “Shaxsiy kabineti”ni faollashtiradi.
- Ro‘yxatdan o‘tishning oxirgi sanasi: 10-oktabr
- Tanlov bosqichlari:
IELTS Granti tanlovi 2 bosqichdan iborat. Tanlov bosqichlari umumiy baholash tizimi asosida baholanadi hamda eng munosib ishtirokchilar munosib taqdirlanadi.
- Birinchi bosqich
Ushbu bosqichda tanlovda ishtirok etuvchi nomzodlar Respublika Imtihonlar.uz platformasi orqali Jizzax viloyati miqyosida onlayn imtihon topshiradilar.
Onlayn imtihonda ingliz tilining turli darajalarida (listening, reading, vocabulary, grammar) 50 ta test savoli beriladi.
Tanlovining 1-bosqichi 11-oktabr kuni soat 08:00 da boshlanadi va soat 20:00 da yakunlanadi.
Barcha nomzodlar belgilangan vaqt oralig‘ida 50 daqiqa davom etuvchi onlayn imtihonda ishtirok etishadi. Tanlovning maxsus onlayn imtihon platformasi 11-oktabr kuni soat 20:00 yopiladi.
1-bosqichdan 2-bosqichga o‘tishning minimal natijasi - 80 foiz (40 ta to‘g‘ri javob va undan yuqori) tashkil etadi. Agar imtihonda ishtirok etuvchi talabgor 1-bosqichda yetarli ball to‘play olmasa, 2-bosqichga yo‘llanma olmaydi.
✅ Ishtirokchilar uchun qat’iy eslatmalar:
Tanlov boshlanishidan oldin yo‘riqnoma bilan yaxshilab tanishib chiqing;
Tanlov ishtirokchilari ro‘yxatdan o‘tish vaqtida shaxsiy ma’lumotlarining to‘g‘ri va aniq to‘ldirilayotganligiga ahamiyat berishlari lozim. Nomzodlardan shaxsiy va doimiy faol bo‘lgan telefon raqam orqali ro‘yxatdan o‘tish talab etiladi (Eslatma: "Shaxsiy akkaunt" shakllantirish uchun ro‘yxatdan o‘tkazilgan telefon raqamlarga maxsus sms xabarnomalar jo‘natilishi yoki Call-markaz tomonidan qayta aloqaga chiqilishi mumkin)
Ikkinchi bosqich
Ushbu bosqich Mudir IELTS Granti tanlovining eng asosiy bosqichi bo‘lib, ishtirokchilar ushbu bosqichda maxsus Mock (listening, reading, writing skills) imtihonidan o‘tishadi.
Bo‘lib o‘tadigan vaqt va manzil: Tanlovning 2-bosqichi 20-oktabr kuni saralangan nomzodlar o‘rtasida Registon o‘quv markazi’ning maxsus imtihonlar binosida keng ko‘lamda bo‘lib o‘tadi. Imtihon vaqti va manzili bo‘yicha barcha ma’lumotlar nomzodlarga maxsus sms xabarnoma jo‘natiladi va Call-markaz operatorlari tomonidan batafsil ma’lumotlar beriladi.
Ikkinchi bosqich imtihoni 3 qismdan iborat bo‘ladi:
Listening – 30 ta savol, Part 1, Part 2, Part 3 – maksimum 30 ball;
Reading – 30 ta savol, Passage 1, Passage 2 – maksimum 30 ball;
Writing – Essay, 250 ta so‘z – maksimum ball 40 ball.
Ikkinchi bosqich imtihoni umumiy 100 balldan iborat bo‘ladi.
Namuna: Shuni ta’kidlash joizki, nomzodlarga yanada qulaylik yaratish maqsadida, 2-bosqich imtihoni test namuna (shablon) variantlarini taqdim qilmoqdamiz. Nomzodlar ushbu namunalarni yuklab olishi va imtihonga tayyorgarlik ko‘rishlari mumkin. 2-bosqich imtihon variantlari namunalari bilan tanishing:
- Listening: IELTS Grant listening.docx
PROGRESS CHECK 1 LISTENING.mp3
- Reading: IELTS Grant Reading.docx
- Writing: IELTS Grant Writing1.docx
2-bosqich yakunlangandan so‘ng 7 kun davomida ishtirokchilarning umumiy natijalari Registon o‘quv markazining xalqaro toifadagi ustozlaridan tarkib topgan maxsus komissiya tomonidan tekshiriladi va umumiy natijalar e’lon qilinadi.
Nomzodlar tanlovda g‘olib bo‘lishi uchun yakuniy imtihondan kamida maxsus Mock imtihonida minimum 56 ball va undan yuqori natijani (taqriban IELTS Mock 5.0+) natijani qo‘lga kiritgan bo‘lishi talab etiladi. Yakuniy bosqichning ballari hal qiluvchi natija hisoblanadi va umumiy mandatda filiallar bo‘yicha belgilangan kvota asosida g‘oliblar aniqlanadi.
Ushbu bosqichda eng yuqori natija ko‘rsatgan nomzodlar munosib deb topilib, tanlovning mutlaq g‘oliblari deb e’lon qilinadi.
✅ Ishtirokchilar uchun qat’iy eslatmalar:
Grant g‘olibi bo‘lish uchun yakuniy imtihondan kamida 56 ball va undan yuqori natija ko‘rsatish talab etiladi. Chunki ushbu tanlov IELTS darajasiga tayyorlov uchun mo‘ljallangan bo‘lib, Grant g‘oliblari 3 oyga mo‘ljallangan maxsus dasturimizda mutlaqo bepul o‘qish imkoniyatiga ega bo‘lishadi. Ushbu dasturda o‘qish va dasturni tushunishingiz uchun sizdan kamida Intermediate yoki undan yuqori daraja talab qilinadi;
Tanlov g‘olibi bo‘lgan nomzodlar Grant asosida o‘qishni boshlagandan so‘ng, 10 kun ichida maxsus mentor tomonidan belgilangan kunga IELTS sertifikatini olish uchun imtihonga ro‘yxatdan o‘tishlari kerak.
Tanlov g‘oliblarini rag‘batlantirish
IELTS Granti tanlovi g‘oliblari Registon o‘quv markazining maxsus tadbirlar bo‘lib o‘tadigan majlislar zalida tantanali ravishda taqdirlanishadi.
Shuningdek, tanlovda ishtirok etgan nomzodlarning barchasiga maxsus esdalik QR-kodli sertifikatlar onlayn topshiriladi. Sertifikatlar Respublika Imtihonlar.uz platformasining “Shaxsiy kabinet” bo‘limi orqali barcha ishtirokchilarga yuboriladi.
Registon o‘quv markazi o‘zining bo‘lajak eng iqtidorli o‘quvchilariga omad tilaydi!
Tanlov bo‘yicha savollar va murojaatlar bo‘lsa @Reg_Jizzax manziliga yozishingiz mumkin.