Ta’lim krediti haqida to‘liq ma’lumot: Kredit shartlari va foiz stavkalari
Ta’lim krediti haqida batafsil ma’lumot
Ta’lim kreditiga oid barcha savollarga quyida batafsil ma’lumot olishingiz mumkin. Talabalar uchun ta’lim krediti shartlari, foiz stavkalari, kredit qaytarish muddati va kimlarga berilishi haqida to‘liq ma’lumotlarni o‘qing.
Kredit miqdori qancha?
1-kurs talabalari uchun bir yillik kontrakt summasigacha ta’lim krediti ajratiladi. Ikkinchi va undan yuqori kurs talabalari uchun esa fanlarni o‘zlashtirishning o‘rtacha ko‘rsatkichi 3 dan past bo‘lgan taqdirda, ta’lim krediti kontrakt summasining ko‘pi bilan 80 foizi miqdorida ajratiladi. (Ijtimoiy himoya yagona reyestriga kiritilgan oilalar farzandlari bundan mustasno.)
Qancha muddatda qaytarish kerak?
O‘qish muddati tugagandan so‘ng (3, 4 yoki 5 yil) yettinchi oydan boshlab kreditni 7 yil muddatga qaytarish talab etiladi.
Kredit necha foizga beriladi?
- Yigitlar uchun: Markaziy bankning asosiy stavkasi miqdorida (hozir 13,5%, 2024-yil 10-sentyabr holatiga).
- Qizlar uchun: Foizsiz (0%).
Eslatma: Markaziy bankning asosiy stavkasi pasaysa, kredit foizi ham pasayadi, lekin ko‘tarilgan taqdirda foiz stavkasi oshmaydi.
Ta’lim krediti kimlarga beriladi?
- Faqat kunduzgi ta’lim shaklida bakalavr yoki magistratura darajasida o‘qiyotgan talabalarga.
- To‘lov-kontrakt asosida o‘qishga kirgan yoki o‘qishni ko‘chirgan talabalarga.
Qanday holatlarda kredit berilmaydi?
- Super-kontrakt, sirtqi, kechki, masofaviy va maxsus sirtqi ta’lim shakllari uchun ta’lim krediti ajratilmaydi.
Qaysi OTMlar uchun beriladi?
Ta’lim krediti O‘zbekistondagi davlat, nodavlat yoki xorijiy oliy ta’lim muassasalari, shuningdek, professional ta’lim tashkilotlari va ularning filiallari uchun ajratiladi.
Xorijda joylashgan oliy ta’lim muassasalariga yoki HEMIS dasturiga ulanmagan xususiy OTMlarning talabalariga ta’lim krediti berilmaydi.
Kafillik talab etiladimi?
Kredit oluvchi doimiy daromad manbaiga ega bo‘lgan oila a’zolari yoki uchinchi shaxslar orqali kafillik bilan kredit olishi mumkin. Bu qarindosh bo‘lishi shart emas.
Ta’lim krediti chet el fuqarolariga ham beriladimi?
Yo‘q, ta’lim krediti faqat O‘zbekiston fuqarolari uchun ajratiladi. Chet el fuqarolari banklardan tijoriy shartlarda kredit olishlari mumkin.
Qanday hujjatlar talab etiladi?
Bankka quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
- Ariza,
- Talaba va ta’lim muassasasi o‘rtasidagi shartnoma (kontrakt),
- Kredit qaytarilishining ta’minoti bo‘yicha hujjatlar,
- Ijtimoiy himoya yagona reyestriga kirgan oilalar uchun maxsus ma’lumotnoma.
Ariza qancha vaqtda ko‘rib chiqiladi?
Ariza 5 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi va kredit shartnomasi imzolanadi. Agar ariza rad etilsa, talabaga sababini tushuntiruvchi javob xati beriladi. Kredit oluvchi ta’lim kreditini shartnomada belgilangan muddatlardan oldin ham qaytarishi mumkin.
Onlayn ariza topshirish
Ta’lim kreditiga ariza quyidagi usullardan birida onlayn topshirilishi mumkin:
- talim-krediti.mf.uz sayti orqali,
- Yagona portal orqali (my.gov.uz).