Texnikumlarda xalqaro ta’lim dasturlari joriy etiladi: diplomlar 70 ta davlatda tan olinadi
Texnikumlarda diplomi 70 ta davlatda tan olinadigan xalqaro ta’lim dasturlari yo‘lga qo‘yiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 24-sentyabr kuni kasbiy ta’limni rivojlantirish va milliy malaka tizimini isloh qilishga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Endilikda, texnikumlarda xalqaro ta’lim dasturlari yo‘lga qo‘yiladi.
Dastlab, tajriba tariqasida, 14 ta texnikumda Angliyaning “BTEC” dasturi joriy etiladi. Bitiruvchilarga 70 ta davlatda tan olinadigan diplom beriladi hamda 200 dan ortiq xorijiy universitetlarga kirish imkoni yaratiladi.
Natijaga qarab, bu tajriba bosqichma-bosqich boshqa texnikumlarga ham tatbiq etilishi mumkin.
Qabul jarayonini ish beruvchilar talabi asosida shakllantirish ham muhim. Shu maqsadda elektron platforma yaratilib, unga barcha vazirlik va tarmoqlar ulanadi. Texnikumlarning ta’lim dasturlari sanoat tarmoqlari, tadbirkorlar birlashmalari, yirik ish beruvchilar va uyushmalar bilan kelishilganidan so‘ng amaliyotga kiritiladi.