Imtihonlar.uz Onlayn test topshirish

2026/2027-o‘quv yilidan boshlab texnikum o‘quvchilariga stipendiya to‘lanadi

Bugun, 12:03
2026/2027-o‘quv yilidan boshlab texnikum o‘quvchilariga stipendiya to‘lanadi

Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yilida ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar dasturlari va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.

Farmonda mahallalarda 10 mingdan ziyod ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish loyihalarini ishga tushirish orqali qo‘shimcha 100 mingta yangi ish o‘rnini yaratish, mahallalar infratuzilmasini takomillashtirishga 20 trln so‘m mablag‘ yo‘naltirib, ularga Yangi O‘zbekiston qiyofasini olib kirish ta’kidlangan.

Texnikumlarda 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab dual ta’limda tahsil olayotgan o‘quvchilarga stipendiya to‘lash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. Bunda:

— har bir o‘quvchiga fanlarni o‘zlashtirishidan qat’i nazar bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravari miqdorida;

— fanlarni o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari 85 foizdan yuqori hamda kasblar bo‘yicha respublika va xorijiy tanlovlar g‘olibi bo‘lgan o‘quvchilarga bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravari miqdorida stipendiya to‘lanishi ko‘zda tutiladi.

Quyidagilar kasblarni rivojlantirish bo‘yicha ustuvor islohotlarning asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi:

2026/2027-o‘quv yilidan 7 ta hududda ilg‘or kasbiy mahorat texnikumlarida “Kasblar shaharchalari”ni tashkil etib, ular orqali maktab o‘quvchilarini zamonaviy kasblarga yo‘naltirish;

2026/2027-o‘quv yilidan boshlab texnikumlarda stipendiya to‘lash amaliyotini yo‘lga qo‘yish;

— hududlarda 24 ta malakani baholash markazlarini tashkil etib, mehnat bozorida tan olinadigan sertifikat berishni joriy etish;

— Germaniya, Shveytsariya, Buyuk Britaniya, Xitoy, Koreya Respublikasi kabi davlatlarning ilg‘or ta’lim dasturlari joriy qilingan texnikumlar sonini 100 taga yetkazish.