Imtihonlar.uz Onlayn test topshirish

Bitiruvchilar stajirovka dasturi orqali oyiga 2 million so‘mgacha stipendiya oladi

Bugun, 13:11
Bitiruvchilar stajirovka dasturi orqali oyiga 2 million so‘mgacha stipendiya oladi

Ayni damda Prezident Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyatlarga bag‘ishlangan muloqoti bo‘lib o‘tmoqda.

Qayd etilishicha, joriy yildan “Kelajak tadbirkori” dasturi ishga tushiriladi va yosh tadbirkorlarga 7 yil muddatgacha 15 foizli kredit ajratish boshlanadi.

Xususan, o‘zini o‘zi band qilgan yoshlarga garovsiz 20 million so‘mgacha, tadbirkorlik ko‘nikmasiga ega bo‘lib, o‘z biznesini boshlayotganlarga 300 million so‘mgacha, faoliyatini kengaytirmoqchi bo‘lgan yosh tadbirkorlarga 2 milliard so‘mgacha, kamida 5 ta bitiruvchini ishga olgan tadbirkorlarga esa 10 milliard so‘mgacha kredit beriladi.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda “Mening birinchi kasbim” dasturini boshlash topshirildi. Bunda stajirovka dasturi asosida oliygoh bitiruvchilari o‘rtasida tanlov o‘tkazib, ularga oyiga 2 million so‘mgacha stipendiya to‘lash yo‘lga qo‘yiladi.

Tadbirkorlikni endi boshlayotgan yoshlarning 30 foizi biznes ko‘nikmasi yetishmagani uchun qiyinchilikka uchrayotgani qayd etildi.

Shu bois, har bir hududda tadbirkorlikka o‘qitish, g‘oyani biznesga aylantirish, buxgalteriya, bank, marketing, ichki va tashqi bozorlarga chiqish bilan bog‘liq kompleks xizmatlarni ko‘rsatadigan “Yoshlar biznes inkubatori” ishga tushiriladi.

Mutasaddilarga yoshlar uchun qulay joylarni belgilab, bu yil Qoraqalpog‘iston, Jizzax, Namangan, Surxondaryo, Xorazm va Toshkent shahrida, kelgusi yilda qolgan hududlarda bunday markazlarni tashkil qilish topshirildi.