Top-500 talikka kiruvchi universitetni tamomlaganlarga qo‘shimcha ustama to‘lab beriladi
Xalqaro reytinglarning top 500 taligiga kiruvchi universitetni tamomlagan yoki ilmiy daraja olgan kadrlarning maoshiga ustamalar qo‘shib beriladi.
Qo‘shimcha ustamalar Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, yosh mutaxassis va uning ish beruvchisi o‘rtasida imzolangan shartnoma asosida har oy to‘lab boriladi. Shartnoma 3 yilgacha bo‘lgan muddatga tuziladi. To‘lovlar ish beruvchi tomonidan amalga oshiriladi.
Xalqaro reytingda 1-dan 100-o‘ringacha bo‘lgan xorijiy oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat bosqichini tamomlagan yosh mutaxassislarning lavozim maoshlariga bazaviy hisoblash (BHM) miqdorining 30 barobari miqdorida ustama belgilanadi. Magistratura bosqichini tamomlagan yosh mutaxassislarning lavozim maoshlariga BHMning 40 barobari miqdorida xorijiy oliy ta’lim muassasalarida ilmiy daraja (Phd va unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy daraja) olgan yosh mutaxassislarning lavozim maoshiga BHMning 75 barobari miqdorida ustama beriladi.
Reytingda 101-dan 300-o‘ringacha bo‘lgan xorijiy ta’lim muassasalarining bakalavriat va magistratura bosqichini tamomlagan mutaxassislar mos ravishda BHMning 20 barobari va 30 barobari miqdorida ustamaga ega bo‘ladi. Xuddi shu o‘rindagi oliy ta’lim muassasalarida ilmiy darajaga ega bo‘lganlarga BHMning 60 barobari miqdorida qo‘shimcha haq to‘lanadi.
Reytingda 301-dan 500-o‘ringacha bo‘lgan universitetlarni tamomlagan bitiruvchilarga esa BHMning 15 dan 50 barobarigacha ustamalar to‘lab beriladi.
Xalqaro e’tirof etilgan reyting beruvchi tashkilotlar – Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Nigher Education, Academic Ranking of World University hisoblanadi.